09:00 / 18.05.2021
11506

Mo‘ynoqdagi musiqa festivalida sayyoh ayollar yalang‘och holda raqsga tushgani aytilgan videoga izoh berildi

Mo‘ynoq shahrida 14–15 may kunlari navbatdagi Stixiya elektron musiqa, san'at va ilm-fan festivali bo‘lib o‘tdi. 17 may kuni ijtimoiy tarmoqda ushbu festivaldagi kechada sayyoh ayollar yalang‘och holda raqsga tushgani aytilgan video tarqaldi.

Qoraqalpog‘iston Turizm va sport vazirligi axborot xizmatining ma'lum qilinishicha, tarmoqlarda tarqalgan nojo‘ya videolar Stixiya festivalidan olinmagan.

Festivalda Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Qirg‘izistondan kelgan musiqiy prodyuserlar, musiqachilar va DJlar ishtirok etgan. Forumda, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya olimlari, ekologlari, mutaxassislari va 300ga yaqin sayyoh qatnashgan.

Festival doirasida «6 milliard daraxt» ijtimoiy aksiyasi o‘tkazilib, uning davomida Mo‘ynoq shahrida 5 mingdan ortiq daraxt ekish ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsad mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash uchun qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lgan buta va mevali daraxtlarni Mo‘ynoq shahri hamda Orol dengizining pastki qismida bosqichma-bosqich ekishga yo‘naltirilgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur festival davomida bo‘lganligi aytilayotgan yalong‘och holda o‘ynayotgan qizning videolari tarqalmoqda.

Festivalda Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jamoat, yo‘l harakati va yong‘in xavfsizligi ta'minlandi hamda ishtirokchilarning sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishi nazorat qilindi.

Tarmoqlarda tarqalgan nojo‘ya videolar Stixiya elektron musiqa, madaniyat va ilm festivalidan olinmagan», — deyiladi vazirlik izohida.

Top