13:28 / 18.05.2021
2442

Rishtonda aliment pullarini to‘lamagan otaga sud hukmi o‘qildi

Foto: KUN.UZ

Rishtonda 2008 yildan buyon farzandiga aliment pullarini to‘lamasdan kelgan otaga sud hukmi o‘qildi, deya xabar bermoqda MIB axborot xizmati.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 7 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Rishton tuman sudida O‘zbekiston Respublikasi JKning 122-moddasi 1-qismi bilan fuqaro O.B.ni ayblash haqidagi jinoyat ishi sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilgan.

Sud jarayonida O.B. bir nafar farzandi moddiy ta'minoti uchun 2008 yildan, ya'ni 13 yildan ortiq vaqt mobaynida 40 mln so‘mdan ortiq aliment pulini to‘lashdan bosh tortib kelgani jamoatchilikning qattiq tanqidiga sabab bo‘lgani ta'kidlangan. 

Qarzdor ota sud zalida aliment pulini to‘lamasligini ma'lum qilgach, undiruvchi M.U. sudlanuvchiga qonuniy jazo berishni so‘ragan. Shunga ko‘ra, sud O.B.ga nisbatan JKning 122-moddasi 1-qismi bilan 9 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlagan.

Shuningdek, sayyor sudda 10 nafar aliment to‘lashdan bosh tortgan qarzdorga nisbatan MJtKning 47-4-moddasiga asosan ma'muriy ish materiallari ham ko‘rib chiqilib, 6 nafar otaga nisbatan 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan, 2 nafar qarzdor aliment pulini to‘liq to‘lagani sababli javobgarlikdan ozod qilingan, 2 nafariga nisbatan 10 kun qo‘shimcha muddat belgilangan.

Avvalroq, Farg‘onada 24 marta qoida buzgan haydovchi qariyb 28 mln so‘m jarima to‘lagani haqida xabar berilgan edi.

Top