01:13 / 20.05.2021
9058

Bloomberg AQSh «Shimoliy oqim-2» operatoriga qarshi sanksiyalar kiritishdan voz kechganini ma'lum qildi

AQSh prezidenti Jo Bayden «Shimoliy oqim-2» gaz quvuri operatori Nord Stream 2 AG va uning boshqaruvchi direktori Matias Varnigga qarshi sanksiyalar kiritishdan voz kechdi. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib Bloomberg axborot agentligi xabar berdi.

19 may kuni AQSh davlat departamenti vakili Kongress oldidagi chiqishida Nord Stream 2 AG AQSh qonunchiligiga ko‘ra sanksiyalar bilan jazolanishi kerak bo‘lgan faoliyatga jalb qilinganini ma'lum qilgan. Biroq agentlikning ta'kidlashicha, Bayden ma'muriyati milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan bu sanksiyalardan voz kechishga qaror qilgan.

Xabarda Kongress hisobotida «Shimoliy oqim-2»ga qarshi sanksiyalar bo‘yicha boshqa takliflar bor yoki yo‘qligi aytilmagan.

19 may kuni Axios nashri ikkita manbaga tayanib, Bayden ma'muriyati Nord Stream 2 AG va Varnigga qarshi sanksiyalar kiritishni bekor qilishini ma'lum qilgan.

Manbalarning ta'kidlashicha, Oq uy ma'muriyati 95 foizga yakunlangan loyihani to‘xtatishning yagona yo‘li Germaniyadagi iste'molchilarga qarshi sanksiyalar kiritish ekani haqidagi qarorga qelgan. Biroq Bayden ma'muriyati «Shimoliy oqim-2» tufayli Germaniya bilan o‘zaro munosabatlarga putur yetkazmoqchi emas.

AQShning amaldagi qonunlariga muvofiq, Oq uy ma'muriyati 2021 yil mayida Kongressga «Shimoliy oqim-2»ga qarshi ko‘rilgan choralar bo‘yicha navbatdagi hisobotni taqdim qilishi kerak. Bu hisobotlar Kongressga har 3 oyda yuborilishi belgilab qo‘yilgan.

«Shimoliy oqim-2» gaz quvuri loyihasi Rossiyadan Boltiq dengizi orqali Germaniyaga ikkita gaz quvuri o‘tkazilishini ko‘zda tutadi. Ushbu loyihaga AQSh, Ukraina va Yevropaning bir qator davlatlari qarshi chiqmoqda. Vashington 2019 yil dekabrda loyihaga qarshi sanksiyalar kiritgan.

Top