18:35 / 24.05.2021
4522

Turkiya Rossiyaga kurort shaharlarga parvozlarni tiklashni taklif qildi

Rossiya hukumati 15 apreldan 1 iyungacha Turkiya bilan aviaqatnovlarni cheklagandi. 

Foto: Marina Lysseva/TASS

Turkiya delegatsiyasi Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikova bilan o‘tkazilgan muzokaralarda Germaniyaga nisbatan qo‘llanilgan xavfsiz turizm modelini taklif qildi. Bu haqda Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Erso‘y ma'lum qildi.

«Rossiyalik turistlar asosan Antalyu, Bodrum, Dalaman va Izmirga borishadi. Bu hududlarda koronavirus yuqtirish kunlik ko‘rsatkichlari Turkiya bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan 50 foizga past. Birinchi bosqichda mana shu aeroportlarga parvozlarni boshlashni taklif qilamiz», — dedi u.

«Bu tizimni Germaniya bilan yo‘lga qo‘ydik, u juda muvaffaqiyatli bo‘ldi. Rossiya tomoniga ham shuni taklif qildik. Barchasi Rossiya hukumati qaroriga bog‘liq», — deya qo‘shimcha qildi Erso‘y.

Rossiya hukumati 15 apreldan 1 iyungacha Turkiya bilan aviaqatnovlarni cheklagandi.  

Turkiyada aprel-may oylarida koronavirus epidemiyasining avj olishi ortidan mamlakat kasallik yuqtirishlar soni bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘ringa chiqdi. 24 may holatiga Turkiyada koronavirus yuqtirganlar soni 5,18 mln nafarga yetgan.

Mamlakatda 29 apreldan 17 maygacha to‘liq lokdaun joriy etilgandi. 

Mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 17 may kuni hukumat epidemiyani nazorat ostiga olganini va karantin rejimi yumshatilishini ma'lum qildi.

Mavzuga oid
Top