09:00 / 24.05.2021
7229

Yevropa ittifoqi Ryanair samolyotining Minskda qo‘ndirilishini batafsil tergov qilishga chaqirdi

Foto: TASS/EPA

Yevropa ittifoqi rahbarlari Minskda Ryanair aviakompaniyasining bortida Nexta telegram-kanalining sobiq muharriri Roman Protasevich bo‘lgan samolyotining favqulodda qo‘ndirilishini qoralab chiqishdi va samolyotdagi barcha yo‘lovchilar qo‘yib yuborilishini talab qilishdi.

Avvalroq Afinadan Vilnyusga uchgan samolyot «minalashtirish» haqidagi xabardan so‘ng Minskdagi aeroportga qo‘ndirilgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, Minskda yo‘lovchilar samolyotdan tushirilgan va qayta tekshiruvdan o‘tkazish uchun aeroport ichkarisiga olib ketilgan, shu vaqtda Protasevich qo‘lga olingan.

Yevropa ittifoqi bosh organi - Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen samolyot bilan yuz bergan hodisani “nomaqbul” deb atadi.

“Afinadan Vilnyusga uchgan samolyotni Minskda qo‘nishga majbur qilish mutlaq nomaqbul hodisadir. Barcha yo‘lovchilar Vilnyusga yo‘llarini zudlik bilan davom ettirish imkoniga ega bo‘lishlari kerak. Havo transporti xalqaro qoidalarining har qanday buzilishi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin”, deb yozgan Yevrokomissiya rahbari tvitterda.

Fon der Lyayyen Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti ICAO’ni samolyotning Minskka qo‘ndirilishini tergov qilishga chaqirgan.

O‘z navbatida Yevrokengash raisi Sharl Mishel ham samolyot va barcha yo‘lovchilarni qo‘yib yuborishga chaqirgan. Shuningdek, Yevropaning ko‘plab yetakchilari, jumladan Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo, Avstriya va Estoniya tashqi ishlar vazirlari Protasevichning ozod qilinishini talab qilishgan.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko matbuot xizmatiga yaqin bo‘lgan “Pul pervogo” kanali samolyot Minskka qo‘ndirilgandan keyin Lukashenko Yevropani himoya qilgani haqida maqola e'lon qilgan. “Vaziyat haqida prezidentga ma'lum qilingan. Lukashenko samolyotni ortga qaytarishni va qabul qilishni buyurgan”, deb aytilgan maqolada.  

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Ryanair’ni tanqid qilishga tushib ketishgan. Ular kompaniyaning Instagram’dagi postiga izohlarda hodisa yuzasidan tushuntirish berishni talab qilishgan va kompaniyani “insoniyatga qarshi jinoyat sodir etishda” ayblashgan va “diktatorning sherigi” deb atashgan.

Keyinroq kompaniyada Belarus rasmiy idoralari yo‘lovchi samolyoti xavfsizligi tahdid ostida ekanini ma'lum qilgani va ekipaj Minskda qo‘nishga ko‘rsatma olgani aytilgan.

“Hech qanday xavfli narsa topilmadi va rasmiy idoralar samolyotga yo‘lovchilar va ekipaj bilan parvozni davom ettirishga ruxsat berdi. Minsk aeroporti Ryanair’ga samolyot Britaniya vaqti bilan soat 17da uchib ketishini ma'lum qilgan”, deb aytilgan kompaniyada.

Nexta kanali 2020 yil avgustda Belarusda o‘tgan prezident saylovlaridan keyin hukumatga qarshi norozilik namoyishlarini faol yoritgan va ularni uyushtirishga chaqirgan. Belarusda ushbu Telegram-kanal ekstremistik deb topilgan. Protasevichning o‘zi esa terrorchilikka aloqador shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan va qidiruvga berilgan.

Mavzu
Afina-Vilnyus reysi mojarosi
Minskda Nexta muxolifatchi Telegram-kanali sobiq muharriri Roman Protasevich qo‘lga olindi. U uchayotgan samolyot bomba haqidagi xabar tufayli Belarusga favqulodda qo‘ndirildi. Qo‘nish haqidagi qarorni Lukashenkoning shaxsan o‘zi «Yevropani himoya qilish» uchun qabul qilgan
Barchasi
Mavzuga oid
Top