07:10 / 25.05.2021
6549

Hindistonda «sariq mog‘or» bilan kasallanish qayd qilindi

Hindistonda «qora» va «oq mog‘or» bilan kasallanish holatlari ortidan G‘oziobod shahrida «sariq mog‘or»dan ilk kasallanish holati qayd qilindi.

The Economic Times nashrining xabar berishicha, bunday birinchi holat haqida mahalliy otorinolaringolog B.P.Tyagi ma'lum qilgan. Uning aytishicha, odatda sudralib yuruvchi jonzotlarda kuzatiluvchi ushbu kasallikning odamlarda uchrashiga birinchi marta to‘qnash kelmoqda.

Shifokorning ta'kidlashicha, zamburug‘ bilan kasallangan bemor nimjonlik va lanjlikdan, ishtahasi yo‘qligidan shikoyat qilgan. E'tiborlisi, bemor tekshirilganda u birdaniga uch turdagi zamburug‘li kasallik — «qora, oq» va «sariq mog‘or» bilan kasallangani aniqlangan.

Tyagining ta'kidlashicha, bemor ikki oy davomida koronavirusdan davolangan va salomatligi yaxshilana boshlagan. Biroq 4 kun avval yuzining o‘ng tomoni birdaniga shishib, burnidan qon keta boshlagan.

«Endoskopiyadan keyin u 3 turdagi – ‘qora, oq’ va ‘sariq mog‘or’ yuqtirib olganini aniqladik. Bu odatda sudralib yuruvchilarda uchraydi. Men uni birinchi marta odamda uchratishim», deb aytgan shifokor.

Avvalroq Hindistonda «qora mog‘or» — mukormikoz bilan kasallanganlar soni 9 mingga yaqinlashib qolgani ma'lum qilingan. Ushbu zamburug‘li kasallik koronavirusdan sog‘ayganlarda qayd qilinmoqda. Ularda kasallikning paydo bo‘lishiga koronavirusni davolashda qo‘llanuvchi steroidlar sabab ekani aytilmoqda. Kasallik koronavirusdan sog‘aygandan 12-18 kundan keyin aniqlanmoqda. Barcha kasallanganlar diabetiklar bo‘lgan va ulardan birortasining qonidagi shakar miqdori me'yorida bo‘lmagan.

Bundan tashqari, Hindistonda «qora mog‘or» fonida «oq mog‘or» infeksiyasi paydo bo‘lgan. Burun bo‘shlig‘i va o‘pkani ishdan chiqaradigan «qora mog‘or»dan farqli o‘laroq, «oq mog‘or» xavfliroq hisoblanadi va organizmning umumiy hayot faoliyatiga ta'sir ko‘rsatadi.

Top