17:35 / 26.05.2021
25002

«Samolyotda terrorchi bo‘lgan». Lukashenko Ryanair reysining to‘xtatilishi bo‘yicha ilk bor izoh berdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning ma'lum qilishicha, bortida Roman Protasevich va Sofiya Sapega bo‘lgan Ryanair samolyotiga bomba o‘rnatilgani haqidagi xabar Shveytsariyadan kelib tushgan.

Lukashenko Hukumat uyining Oval kabinetida parlamentariylar va konstitutsion komissiya a'zolari qarshisidagi chiqishi chog‘ida Ryanair aviakompaniyasi reysi Minskda to‘xtalishishi bilan bog‘liq holat yuzasidan ilk marta izoh berdi.

Prezident matbuot xizmatiga yaqin bo‘lgan «Pul pervogo» telegram-kanalida ma'lum qilinishicha, Lukashenko «qonun doirasida harakat qilib, barcha xalqaro qoidalarga rioya etgan holda odamlarni himoya qilgani» haqida aytgan va layner Belarus qurolli kuchlarining MiG-29 rusumli qiruvchi samolyoti tomonidan majburan qo‘ndirilgani haqidagi gaplarni «mutlaqo yolg‘on» deb atagan.

«Camolyot minalangani haqidagi xabar Shveytsariyadan kelib tushdi. Biz qanday harakatlanishimiz lozim edi? Bizni IP-manzillari Polsha, Litva va Latviyaniki bo‘lgan samolyotlar doimiy ravishda «minalashadi». Biz ma'lumotni ekipajga yetkazdik, ularda qaror qabul qilish uchun yetarli vaqt bo‘ldi.

HAMASmi, HAMAS emasmi, buning ahamiyati yo‘q. Bortni na Vilnyus, na Varshava, na Kiyev, na Lvov qabul qilishni xohladi. Samolyot BelAES yaqinida burildi, agar bomba chindan bo‘lganidachi — Chernobil kammidi? Bomba bo‘lsa bo‘lmasa, agar menga samolyotda terrorchi borligini aytishsa, men darhol samolyotni qo‘ndirishga buyruq beraman. Qiruvchi samolyot mutlaqo qoidalar bo‘yicha ko‘tarildi, men mamlakat xavfsizligi haqida o‘yladim, men samolyot bizning odamlarimiz boshiga qulashiga yo‘l qo‘ya olmasdim.

Samolyotda qonli isyon uyushtirmoqchi bo‘lgan terrorchi bo‘lgan va bu haqda Belarusdan uzoq-uzoqlarda ham bilishadi. U va uning sheriklari kimlarga ishlaydi? Men qonuniy harakat qildim va bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Ammo samolyot qo‘nishga ulgurmasidan G‘arbdan ayblovlar va parvozlarni taqiqlashga chaqiriqlar kelib tusha boshladi. Juda tez «reaksiya qilishdi». Maqsad aniq. Belarusda bunday ishlar qilishdan kim manfaatdorligi ham aniq. Biz sovuq urushning emas, muzli urushning oldingi safidamiz», degan u.

Lukashenko Ryanair reysi ekipaji samolyor egalari va Vilnyus aeroporti bilan maslahatlashgani, ammo o‘z ixtiyorlari bilan Belarus poytaxtiga qo‘nishga qaror qilishgani haqida ma'lum qilgan.

Belarus prezidenti Protasevich va Sapegi qo‘lga olinganidan keyin bortga qaytmagan yo‘lovchilar haqida ham izoh bergan. «Vilnyusdan baribir qaytib kelishi kerak bo‘lgan uch kishi samolyotdan tushib qolgan, ammo ularni KGB xodimlariga chiqarishdi», degan u.

Lukashenko yaqin vaqtlar ichida qo‘lga olinganlar «nima gapirgan bo‘lsa bari»ni taqdim etishga va'da bergan hamda G‘arb davlatlarining ushbu hodisaga bildirgan reaksiyasini qoralagan.

«Biz giyohvand moddalar va migrantlarni to‘xtatib turgandik – endi ularni o‘zingiz yeysiz va ushlaysiz», deydi u.

U shuningdek, YeIning Belarus aviatsiyasi parvozlarini taqiqlaganiga ham izoh berdi. «Xavfsiz Belarus ustidan uchish yoqmasa, 300 kishi o‘lgan joydan uching (Ukraina nazarda tutilmoqda – tahr.)», degan u.

Shveytsariya aviatsiya ma'murlari Minskka qo‘ndirilgan samolyotda bomba borligi haqidagi ma'lumotlardan xabardor bo‘lmaganliklari va Belarus tomonini bu haqda ogohlantirmaganliklarini ma'lum qilishgan.

Ryanair samolyoti bilan bog‘liq hodisa
23 may kuni Afinadan Vilnyusga uchgan Ryanair samolyoti Minskka shoshilinch qo‘ndirildi. Bort Litva chegarasiga 30 kilometr qolganida yo‘nalishni o‘zgartirib, Belarus poytaxti tomon burildi, samolyotni Minskkacha belaruslarning MiG-29 rusumli qiruvchi samolyoti kuzatib keldi.

Samolyot qo‘ndirilgach, reysning ikki yo‘lovchisi - muxolifatchilarning Nexta telegram-kanali asoschilaridan biri, Belarusda terrorchilar ro‘yxatiga kiritilgan Roman Protasevich va uning sevgilisi, Rossiya fuqarosi bo‘lgan Sofiya Sapega qo‘lga olindi.

Ryanair aviakompaniyasi samolyotni Minskka qo‘ndirish bo‘yicha ko‘rsatma bortda xavfsizlikka tahdid mavjudligi haqida xabar qilgan belaruslik dispetcherlar tomonidan berilganini ma'lum qildi. Belarus hukumati esa uchuvchilar qayerga qo‘nish bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilgani haqida aytmoqda. Dushanba kuni Belarus Transport vazirligi Minsk aeroportiga HAMAS harakati nomidan maktub yo‘llangani, unda Ryanair samolyoti bortiga bomba o‘rnatilgani haqida aytilganini ma'lum qildi. HAMAS esa bu vaziyatga aloqadormasligini rasman ma'lum qildi.

G‘arb davlatlari rahbarlari yo‘lovchi samolyot Minskka majburan qo‘ndirilishini keskin qoralamoqda va hodisa qaroqchilik akti sifatida baholanmoqda. Yevrokengash sammit o‘tkazib, uning yakunlariga ko‘ra ittifoq osmonini Belarus aviakompaniyalari uchun yopish va Belarus hukumatiga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish bo‘yicha qaror qabul qildi, shuningdek, Yevropadagi aviatashuvchilar Belarus osmonidan uchmaslikka chaqirildi.

Shu vaqtgacha Fransiyaning Air France, Latviyaning airBaltic, Niderlandiyaning KLM, skandinavlarning SAS, Vengriyaning Wizz Air, Germaniyaning Lufthansa, finskaya Finnair, Avstriyaning Austrian Airlines va Polshaning LOT aviakompaniyalari Belarus havo kengliklariga kirishni to‘xtatdi.

Rossiya hukumati esa G‘arb davlatlarining Ryanair reysi bilan bog‘liq hodisa yuzasidan pozitsiyasiga qo‘shilmayapti. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov vaziyatni hissiyotlarga berilmay baholashga chaqirgan, Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa YeI va NATOning ushbu hodisaga reaksiyasidan hayratdaligini bildirgan. Kreml matbuot xizmati rahbari Dmitriy Peskov bu mavzuda biror izoh berishdan bosh tortgan.

Dushanba kuni Belarus hukumatiga yaqin bo‘lgan yana bir telegram-kanalda Roman Protasevichning videomurojaati e'lon qilindi. U o‘zining holati yaxshi ekani va tergov bilan hamkorlik qilib, ko‘rsatma berayotganini aytgan. Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya videoga shunday munosabat bildirdi: «Mana Roman jismoniy va ruhiy bosim ostida qanday ko‘rinmoqda». Uning maslahatchisi Frank Vecherka esa «yosh yigitni kaltaklashgani ko‘rinib turgani» haqida gapirdi.

Protasevich bilan birga qo‘lga olingan Sofiya Sapega dastlab Okrestinadagi izolyatorga joylashtirilgan, keyin esa Minskdagi KGB izolyatoriga o‘tkazilgan. Rossiya TIV Minskdagi elchixona uning qo‘lga olinishi yuzasidan Belarus hukumati bilan aloqada bo‘lib turganini ma'lum qildi.

«Novaya gazeta» ma'lumotiga ko‘ra, Rossiya fuqarosi ommaviy tartibsizliklar va jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzish hisoblangan harakatlarni tashkillashtirishda gumonlanmoqda. Sapeganing onasi BBC muxbiri bilan suhbatda qizi Minskda o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan namoyishlarda ishtirok etmaganini bildirgan.

Mavzu
Afina-Vilnyus reysi mojarosi
Minskda Nexta muxolifatchi Telegram-kanali sobiq muharriri Roman Protasevich qo‘lga olindi. U uchayotgan samolyot bomba haqidagi xabar tufayli Belarusga favqulodda qo‘ndirildi. Qo‘nish haqidagi qarorni Lukashenkoning shaxsan o‘zi «Yevropani himoya qilish» uchun qabul qilgan
Barchasi
Mavzuga oid
Top