18:26 / 27.05.2021
5137

2021 yilda birorta mahkum koronavirusga chalinmagani ma'lum qilindi

IIV Jazoni ijro etish departameni tibbiy bo‘limi boshlig‘i Bahodir Yusupovga ko‘ra, yil boshidan beri qamoqxonalarda COVID-19’ga chalinish holatlari qayd etilmagan. 2020 yilda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning 9 foizi koronavirusga chalingani ma'lum qilingan edi.

26 may kuni inson huquqlari bo‘yicha vakil Feruza Eshmatova boshchiligidagi ekspertlik guruhi Toshkent shahridagi 23-son mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashgan kasalxonaga tashrif buyurdi, deb xabar beradi ombudsman matbuot xizmati.

Respublikada yagona bo‘lgan mazkur shifoxonada umumiy, qattiq, maxsus tartibli koloniyalardagi barcha erkak mahkumlar, umrbod qamalganlar ham davolanadi. Ayol mahkumalar esa kasallik toifasiga ko‘ra, SSV tizimidagi shifoxonalarda, maxsus qo‘riqlov asosida tibbiy xizmatdan foydalanadi.

Monitoring o‘tkazish vaqtida ombudsmanga IIV Jazoni ijro etish departamenti tibbiy bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Bahodir Yusupov hamrohlik qilgan. U 2020 yilning pandemiyasi sabab qamoqxonalarda ham epidemiologik vaziyat keskinlashganini, shu bois jazoni ijro etish muassasalari uchun alohida laboratoriya tashkil etilganini qayd etgan.

«Shu PZR-laboratoriyasini 2020 yilning 20 avgustida ishga tushirdik. 28 kunda qurib bitkazildi. Hozirgi kunda butun qamoqxona tizimi — viloyatlardan olib kelinsa ham, shu yerda tekshiruvdan o‘tkaziladi. Saqlash uchun muzlatkichlar ham o‘rnatilgan. 10 nafar tibbiyot xodimi bor», — deydi podpolkovnik.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu laboratoriya uchinchi va to‘rtinchi darajali o‘ta yuqumli kasalliklarni aniqlashga mo‘ljallangan. «Hozirgi paytda bu yerda nafaqat PZR, balki Gepatit B, C, D, sifilis, OITS ham aniqlanyapti. Qolaversa, immunoglobulin (IgM, IgG)lar ham tekshirilyapti», — deya ta'kidlaydi Bahodir Yusupov.

«Gazeta.uz.uz»ning yozishicha, tashrif davomida Yusupov 2021 yilda qamoqxonalarda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish holatlari kuzatilmaganini ma'lum qilgan.

«O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalarida bu yil hisobidan hali birorta mahkum koronavirusga chalingani yo‘q. AOKAda o‘tkazilgan anjumanda 2020 yili umumiy mahkumlarning 9 foizi kasallanganini aytgan edim. O‘tgan yili koronavirus oqibatida bitta ham o‘lim yuz bermadi», — dedi u.

Respublikaning jazoni ijro etish muassasalaridagi barcha mahkumlardan COVID-19’ga tahlillar olinib, tekshirib turilgani aytilgan.

«Surxondaryo, Xorazm, Qoraqalpog‘istondagi muassasalar juda ham uzoq — masofa 1000 kilometrdan ortiq. Ulardan tahlilni olib, Toshkentga keltirib, tekshirish o‘zini oqlamaydi. Ular o‘zining hududidagi sog‘liqni saqlash tizimidagi laboratoriyalarga olib boradi. Qolgan viloyatlarning hammasi Toshkentga olib keladi va tahlillar tekshiruvdan o‘tkaziladi», — deydi Bahodir Yusupov.

Eslatib o‘tamiz, Bahodir Yusupov 2020 yili AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistondagi qamoqxonalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning 9 foizi koronavirusga chalingan, shuningdek, 2 nafar og‘ir bemor muddatidan avval ozod qilinganini aytgandi.

IIV mulozimi jazoni ijro etish muassasalarida ham koronavirus aniqlangach, simptomsiz va yengil shaklida kasal bo‘lgan mahkumlar tizimning o‘zida davolangani, og‘ir va o‘rta og‘ir shakllari esa Sog‘likni saqlash vazirligi tasarrufidagi 4 ta karantin hududlariga yuborilgani, birorta ham o‘lim holatiga yo‘l qo‘yilmaganini ma'lum qilgandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top