15:20 / 28.05.2021
2558

Ombudsman vakili Samarqanddagi 63-sonli maktab internatda nosog‘lom muhit hukm surayotganini ma'lum qildi

Bundan bir necha kun avval Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida joylashgan aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatda tarbiyalanayotgan bolalar kaltaklangan. Bu holat Senat va viloyat hokimligi tomonidan nazoratga olingan edi. O‘rganishlarda aniqlanishicha, bugun bu ta'lim maskanida nosog‘lom muhit hukm surmoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 25 may kuni Bola huquqlari bo‘yicha vakilning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili N.Rabbimova, viloyat hokimi E.Turdimov, Oqdaryo tumani hokimi N.Sulaymonov, tuman prokurori D.Kubayev, tuman IIB boshlig‘i B.Ibragimov, viloyat XTB boshlig‘i Z.Shodiyeva va boshqarmaning mas'ul xodimlari tomonidan o‘rganilgan.

Mintaqaviy vakilning aniqlashicha, ushbu muassasada tarbiyalanayotgan 2 nafar bola otasi tomonidan uyiga qaytarib olib ketilgan. Ko‘zi ko‘kargan bola esa 11 mart kuni tengdoshi bilan urishganligi va o‘shanda ko‘zi ko‘karganini aytgan. Bu holat bolaning tibbiy anketasida ham qayd etilgan.

Shuningdek, tog‘orada kir yuvayotgan 4-sinf bolasining onasi bilan suhbat qurilganida bu kabi holatlar 4 yil davomida umuman kuzatilmaganligi va ushbu rasmni ko‘rib tushunmaganini bildirgan. Bu holat qo‘shimcha o‘rganilishi, holatga oydinlik kiritilgach, bola huquqlarini ta'minlash, ularning ta'lim olishi, sog‘lig‘ini saqlash masalalarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar aniqlansa, ularga tegishli choralar ko‘rilishi ma'lum qilingan.

N.Rabbimovaning so‘zlariga ko‘ra, muassasada nosog‘lom muhit hukm surmoqda. Xodimlar o‘rtasida o‘zboshimchalik, rahbarlarga bo‘ysunmaslik, lavozim vazifalarini bajarmaslik, o‘z ishiga e'tiborsizlik bilan qarash holatlari ko‘zga tashlanmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur masala Samarqand viloyati hokimi nazoratiga olinib, muassasadagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qat'iy vazifa va topshiriqlar berilgan.

Top