16:16 / 29.05.2021
52700

Konvoyda olib kelingan Murodboy va sheriklari lezviyani qayerdan olishgan?

Konvoyda sud binosiga olib kelinayotganda sudlanuvchilarning yonida piska (lezviye) bo‘lmagan, dedi Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati rahbari Bobur To‘laganov Kun.uz bilan suhbatda.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda sud zalidagi sudlanuvchilar kabinasida o‘tirgan 4 nafar erkakning bilak tomirlari kesilgani, kabina oynasi va devorlariga qon bilan turli yozuvlar yozilgani aks etgan videolar tarqaldi. Keyinroq ular xalq orasida Murodboy nomi bilan tanilgan Mirzamurod Yunusaliyev va uning jinoiy sheriklari bo‘lgani, hodisa 25 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudida sodir bo‘lgani ma'lum bo‘ldi.

Videolarda sudlanuvchilar va ularning yaqin qarindoshlari Murodboy va sheriklarini qo‘lga olish chog‘ida topilgan 3 kg oltin, 6 milliard so‘m pul va qimmatbaho mashinalarni organ xodimlari olib ketganini iddao qilishgan.

Oliy sud voqeaga munosabat bildirdi. Unda qayd etilishicha, sudlanuvchilar piska (lezviye) bo‘lagi bilan qo‘llarini tilib, o‘zlarini qamoqdan ozod qilishni yoki aslida ularga tegishli bo‘lib, «Ahmadboy ishi» bo‘yicha musodara qilingan 6,5 mln dollarni qaytarishni hamda sud majlisida bosh vazir va bosh prokuror ishtirok etishini talab qilishgan.

Oliy sud ham, viloyat IIBB ham o‘z bayonotlarida sudlanuvchilar tomirlarini kesish uchun piskani qayerdan olishganiga e'tibor qaratmagan.

«Shu holat hozir surishtiruvda. Har holda ularning yonida lezviya avvaldan bo‘lmagan. Chunki ular hibsdan olib kelingan. Sud zalida kimdandir yoki qayerdandir olganlar. Tez orada IIV bu bo‘yicha to‘liq bayonot e'lon qiladi», – deydi Bobur To‘laganov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Oliy sud raisining matbuot kotibi Aziz Obidov mahkumlarning qo‘liga piska qanday tushib qolganiga baho berish sud organlarining vakolatiga kirmasligini aytdi.

«Sud jarayoniga sudlanuvchi va mahbuslarni olib kelish va olib ketish, shuningdek, ularni saqlash, sud jarayonida ularning xatti-harakatlariga ko‘z-quloq bo‘lish ichki ishlar organlarining zimmasida. Mahkumlarning qo‘liga piska qanday tushib qolganiga baho berish Oliy sudning vakolatiga kirmaydi. Bunga konvoyni amalga oshiruvchi ichki ishlar organlari mas'ul.

Sudya sud zaliga maxsus transportda olib kelingan sudlanuvchilarning yonida nima bor-yo‘qligini tekshirmaydi», – deydi Aziz Obidov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Murodboy ishi» bo‘yicha Mirzamurod Yunusaliyev va uning jinoiy sheriklariga nisbatan sud hukmi o‘qilgan edi.

Tergov xulosasiga ko‘ra, M.Yunusaliyev 2016 yil yanvar oyida «ERKIN AVTO DILLER» nomli MChJ zamirida «moliyaviy piramida» tashkil etib, bu ishga o‘zining o‘nga yaqin jinoiy sheriklarini jalb qilgan, ular yordamida 6636 ta holatda 4000 nafarga yaqin fuqaroning 26,9 mln dollar va 18 milliard so‘m miqdordagi pul va boshqa mol-mulklarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha qariyb 8 milliard so‘mlik 18ta ko‘chmas mulk obektlari (uy, choyxona, do‘kon binosi, noturar bino va inshootlar) xatlangan. Fuqarolarga tegishli 85ta yengil avtomashinalar ashyoviy dalil tariqasida olingan. Ushbu avtomashinalarning barchasi belgilangan tartibda baholanib, o‘z egalariga qaytarilgan.

Mavzuga oid
Top