02:14 / 30.05.2021
10854

O‘zkomnazorat Twitter, Vkontakte va WeChat'ga ko‘rsatma berdi. Hukumat yangi qonun ijrosiga kirishdi

«O‘zkomnazorat» vakolatli davlat organlari tomonidan 2021 yil may oyida monitoring o‘tkazilgani haqida ma'lum qildi. Natijada uchta ijtimoiy tarmoq «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 27-1-moddasiga rioya etmayotgani aniqlangan.

Bu tarmoqlar – Mail.ru Group kompaniyasining Vkontakte, Twitter kompaniyasining Twitter hamda Tencent-Inc kompaniyasining WeChat ijtimoiy tarmoqlaridir.

«Holat yuzasidan «O‘zkomnazorat» tomonidan «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 27-1-moddasi talablariga rioya etilishini ta'minlash choralarini ko‘rish bo‘yicha Mail.ru Group, Twitter Inc va Tencent-Inc kompaniyalariga ko‘rsatmalar berildi», – deyiladi rasmiy xabarda.

Kun.uz Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi («O‘zkomnazorat»)dan olgan ma'lumotga ko‘ra, boshqa xorijiy kompaniyalar qatori yuqoridagi 3 ta xorijiy mulkdorlarga shu yilning fevral oyidan buyon «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 27-1-moddasi talablariga rioya etilishini so‘rab bir necha marotaba xat chiqarilgan. Lekin, kompaniyalar shaxsiy ma'lumotlarga ishlov berishda ularni saqlovchi serverlari jismonan O‘zbekiston hududida bo‘lishi hamda shaxsga doir ma'lumotlarni davlat reyestri ro‘yxatiga kiritishga doir qonunchilik talablarini buzishgan va so‘rovlarga e'tibor qilishmagan.

Eslatib o‘tamiz, Qonunchilik palatasi deputatlari «so‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlar va internet kompaniyalarga turli xil kiberhujumlar uyushtirilishi oqibatida millionlab insonlar, qolaversa O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma'lumotlari ham o‘g‘irlanayotgani»dan xavotir bildirib, qonunchilik talablarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi va Davlat personallashtirish markaziga talab qo‘ygan.

«Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga yangi qo‘shilgan 27-1-moddada shunday deyiladi:

«Mulkdor va (yoki) operator O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan internet jahon axborot tarmog‘ida ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir ma'lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma'lumotlar bazalarida yig‘ilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini ta'minlashi shart».

Hozir bu talab ijrosi yuzasidan ishchi guruh tuzilib, Vazirlar Mahkamasining 255-sonli qarori va unga ilova tariqasida Nizom qabul qilingan. Nizom ilovasida O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma'lumotlariga ishlov berishning alohida shartlarini buzgan mulkdor va operatorlarni Shaxsga doir ma'lumotlar sub'yektlari huquqlarini buzuvchilar reyestriga kiritish va undan chiqarish tartibi bayon qilingan.

Shuningdek, Yandeks ham bu masalani ko‘rib chiqishga tayyorligini, pandemiyadan so‘ng muzokaralar olib borishini bildirgan.

Facebook esa bu holat tarmoq foydalanuvchilari ma'lumotlarining xavfsizligiga zarar yetkazishidan xavotir bildirgan, lekin koronavirus pandemiyasi yakunlangach hukumat bilan muzokaraga kirishishi mumkinligini bildirgan.

Avvalroq, O‘zbekistondagi bu yangilikni Facebook kompaniyasi salbiy qarshi olganini bildirgan edi. Facebook Rossiya, Xitoy va O‘zbekiston kabi davlatlar bu yo‘l bilan so‘z erkinligini jilovlashga urinayotganidan xavotirdaligini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid
Top