11:32 / 31.05.2021
17735

Toshkentda taksichilarni talon-toroj qilib kelgan shaxs ushlandi

Toshkent shahrida taksichilarni talon-taroj qilib ketgan shaxs qo‘lga olindi. Ayni vaqtda u 15 ta epizodli jinoyat ishida gumonlanmoqda. Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xabar berdi

Ayblanuvchi, xususiy kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning avtomobiliga yo‘lovchi sifatida o‘tirib, yo‘lda ketayotganda boshqa taksida uyali telefon apparatini tushirib qoldirgani va telefoniga qo‘ng‘iroq qilib olmoqchi ekanini aytib, ushbu avtomobil haydovchisining telefonini so‘ragan.

Taksi haydovchisining telefonini qo‘lga kiritgach, go‘yoki o‘zining telefoniga qo‘ng‘iroq qilayotgandek va telefonini qaytarib olish uchun haydovchi bilan uchrashuv joyini kelishib olgandek tutgan. Shundan so‘ng, haydovchiga biror joyni aytib, o‘sha joyda to‘xtatishni so‘ragan va go‘yoki uni telefoni qolib ketgan avtomashina yo‘lning narigi tarafidan kelayotganini aytib, yo‘lni kesib o‘tgan, haydovchining chalg‘iganidan foydalanib voqea joyidan yashiringan.

Taksi haydovchisi tomonidan berilgan birinchi ariza Yunusobod tumani IIO FMBga 2021 yil 29 mart kuni kelib tushgan. So‘ng ikki oy davomida shu kabi murojaatlarning yana to‘rttasi tuman IIO FMBda ro‘yxatdan o‘tgan. Har bir holatda jabrlanuvchilar jinoyatchi harakatlangan bir xil sxemani tasvirlagan.

Faqat ikki holatda jabrlanuvchilar jinoyatchining niyatini anglab, undan telefonni qaytarib berishini so‘ragan. Shuning uchun mazkur holat yuzasidan talonchilik, ya'ni o‘zgalar mulkini ochiqdan ochiq talon-toroj qilish alomatlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Jinoyatchining tashqi ko‘rinishi tavsiflari ham mos kelgan.

Toshkent shahar IIBB tezkor qidiruv xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tergov-tezkor tadbirlar natijasida mazkur jinoyatlarni sodir etishda gumonlanib, poytaxtlik 1987 yilda tug‘ilgan Z. O. ushlangan. Hozirgi vaqtda unga 13 ta firibgarlik va 2 ta talonchilik holatlari bo‘yicha ayb e'lon qilingan. Ayblanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

«Tergovda mavjud ma'lumotga ko‘ra, ayblanuvchining jinoiy harakatlaridan jabr ko‘rgan jabrlanuvchilarning hammasi ham huquqni muhofaza qiluvchi organga ariza bilan murojaat qilmagan. Shuning uchun, quyida surati ko‘rsatilgan shaxsning qilmishidan jabr ko‘rganlar Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasiga +998(71) 281-90-68, +998 (97) 735-82-02 raqamlari orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz», – deyiladi xabarda.

Top