18:55 / 01.06.2021
37904

Lukashenko Putin bilan uchrashuvga olib borgan chemodanida nima bo‘lganini aytdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan uchrashuvga qora chemodan bilan borgani ko‘pchilikning e'tiborini tortgandi. Belarus prezidenti bu «sirli» chemodanda nima bo‘lgani haqida gapirdi.

Foto: kremlin.ru

«Bu chemodan ichida bo‘lgan ma'lumotlarni e'lon qilib bo‘lmasdi, chunki ular yangi mojarolarni keltirib chiqarardi. Chemodanda Rossiya va Belarusga aloqador tahliliy materiallar bor edi. Ikki ittifoqchi mamlakatning g‘arbiy vektorida sodir bo‘layotgan voqealar tahliliga bag‘ishlangan bu materiallar bizning maxsus xizmatlar tomonidan tayyorlangan. Men ularni Putin bilan bo‘lishishga qaror qildim.

Bunday ma'lumotlar almashinuvi bizda Putin bilan anchadan buyon shakllangan. Bir kuni uning kabinetiga kirganimizda menga katta papkani berdi va «O‘qib chiq, sen uchun foydali», deb aytdi. U yerda Belarusning G‘arb bilan aloqalari va boshqa masalalarda gaplar bor edi. Biz ham javob o‘laroq bir necha yil oldin shunday tahlillar tayyorlay boshladik. Bu gaplarni bilib qo‘yishingiz uchun aytyapman, u yerda hech qanday samolyot, uning ichida qo‘lga olingan terrorchilar haqida ma'lumotlar yo‘q edi», degan Lukashenko hukumat yig‘ilishida.

23 may kuni Belarusda mashhur Nexta Telegram-kanali sobiq bosh muharriri Roman Protasevich Afinadan Litvaga uchayotganda, u ichida bo‘lgan Irlandiyaning Ryanair samolyoti qiruvchi samolyot yordamida qo‘nishga majbur qilingandi. Lukashenko bu voqeadan ko‘p o‘tmay, 28 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Sochida uchrashdi. Belarus prezidenti bir kun oldin Putin bilan ikki mamlakat iqtisodiy rivojlanishi haqida gaplashishini aytgan, biroq Putin bilan uchrashuvning ochiq qismidayoq bir necha marta samolyot qo‘lga olinishi haqida gapirgandi.

Lukashenko Putin bilan uchrashuvga chemodan bilan borganida ko‘pchilik uning ichida Ryanair samolyotini qo‘ndirish bilan bog‘liq hujjatlar bor deb o‘ylay boshladi. Chunki Lukashenko Putin bilan uchrashuvning ochiq qismida samolyot qo‘lga olinishi bilan bog‘liq holat haqida gapirar ekan hamkasbiga ba'zi hujjatlarni ko‘rsatishi va uni ko‘rgach, holat haqida yanada to‘liqroq tasavvurga ega bo‘lishini aytgandi.

Top