20:49 / 03.06.2021
17491

Isroil: muxolifat Netanyahusiz hukumat shakllantirdi, Naftali Bennet yangi bosh vazir bo‘lishi kutilmoqda

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va uning boshqaruvidagi «Likud» partiyasiga qarshi tuzilgan yirik koalitsiya tarkibiga kirgan partiyalar rahbarlari yangi koalitsion hukumat shakllantirilgani haqida ma'lum qilishdi. Voqealar rivoji o‘n yildan ortiq vaqt davomida mamlakatni boshqarib kelayotgan Bibi hukumatining yakuniga olib bormoqda.

Naftali Bennet (chapda) va Yair Lapid avvalroq rotatsiya bo‘yicha bosh vazirlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishgandi

Isroil prezidentini «o‘zgarishlar hukumati» shakllantirilgani to‘g‘risida sobiq moliya vaziri, «Yyesh Atid» («Kelajak bor») partiyasi yetakchisi Yair Lapid xabardor qilgan, uning partiyasi Isroil parlamentida (knesset) 17 mandatga ega, bu «Likud»dan keyingi ikkinchi ko‘rsatkich.

Hukumatni «Yamina» partiyasi yetakchisi Naftali Bennet boshqaradi. 

Kelishuvga binoan, Bennet 2023 yil sentyabrigacha bosh vazir bo‘ladi, shundan so‘ng uning o‘rnini parlamentning vakolat muddati tugaydigan 2025 yil noyabriga qadar Lapid egallaydi.

Lapid yangi hukumat barcha isroilliklar manfaati uchun xizmat qilishiga va'da berdi. «Yangi hukumat raqiblarini hurmat qiladi va Isroil jamiyatining barcha qismlarini birlashtirish uchun bor imkoniyatlarni ishga soladi», deya yozgan u tvitterdagi sahifasida.

Binyamin Netanyahuni almashtirish uchun tuzilgan koalitsiya tarkibidan turli siyosiy qarashlarga ega sakkiz partiya o‘rin olgan: so‘llar, o‘nglar, markazchilar, Bennet qiyofasidagi yahudiy millatchilari va g‘oyaviy jihatdan HAMASga yaqin bo‘lgan arablar partiyasi, shuningdek Avigdor Liberman va uning «ruscha» «Nash dom Izrail» partiyasi.

Ammo parlamentda kichik ustunlikka ega bo‘lgan mo‘rt koalitsiya hukumati vazifaga kirishishi uchun avval prezident tomonidan tasdiqlanishi, keyin knessetda ma'qullanishi kerak. 

Yangi hukumat yaqin o‘n kun ichida faoliyat boshlay olmaydi. Parlament spikeri Yariv Levin yangi hukumatga ovoz berishni rejalashtirish zarurligi to‘g‘risida 7 iyundagina xabardor qilinadi. Shundan so‘ng, unga ovoz berishni rejalashtirish uchun bir hafta muhlat beriladi. Bu esa Netanyahuda deputatlar fikrini o‘zgartirish va yangi hukumatga qarshi ovoz berishga ko‘ndirish uchun 12 kun vaqt borligini anglatadi. Isroillik siyosatchilar hozirgi bosh vazir parlamentariylarni o‘ziga og‘dirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishiga shubha qilishmayapti.

Yangi hukumatni shakllantirish Yair Lapidning vazifasi edi, u so‘nggi oylar mobaynida turli siyosiy kuchlar bilan muzokaralar o‘tkazib, ularni o‘z tomoniga og‘dirishga urindi.

Koalitsiyaga so‘nggi bo‘lib knessetda atigi 7 mandatga ega bo‘lgan «Yamina» partiyasi qo‘shildi. Uning rahbari Naftali Bennet o‘tgan hafta oxirida Netanyahuga qarshi koalitsiya tarkibiga kirishini e'lon qilgan, shundan keyin amaldagi bosh vazir uni va koalitsiyani keskin tanqid qilib, uni Isroil xavfsizligi uchun tahdid deb atagandi.

Binyamin Netanyahu o‘ngchi partiyalarni «so‘l» koalitsiyaga qo‘shilmaslikka chaqirmoqda

Koalitsiya Isroil siyosatidagi o‘nglar, so‘llar va markazchilarni birlashtiradi. Garchi siyosiy qarashlarga ko‘ra umumiy jihatlar kam bo‘lsa-da, ular Netanyahuning ko‘p yillik boshqaruviga yakun yasash maqsadida yakdil.

Netanyahu mart oyida Isroil parlamentiga o‘tgan saylovlarda hukumatni birinchi bo‘lib shakllantirish huquqini qo‘lga kiritgan, biroq parlamentdagi ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlovini ololmagan. Shundan keyin hukumatni shakllantirish huquqi Yair Lapidga o‘tgandi. Sobiq moliya vaziri bo‘lgan Lapidda koalitsion hukumat shakllantirish uchun 2 iyun oxirigacha muhlat berilgandi. So‘nggi saylovlarda uning partiyasi «Yyesh Atid» Netanyahuning «Likud»iga yutqazib, ikkinchi o‘rinni egallagandi.

Isroilda proporsional saylov tizimi amal qiladi va bunda bir partiya hukumatni mustaqil shakllantirish uchun yetarli bo‘lgan mandat qo‘lga kiritishi qiyin. Hukumat Knessetdagi ko‘pchilikka tayanishi, aniqrog‘i, 120 ovozdan kamida 61tasi qo‘lga kiritilishi kerak bo‘ladi. Mart oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi saylovlardan keyin yana barchasi boshi berk ko‘chaga kirib qoldi, na Netanyahu va na uning raqiblari parlamentdagi ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kirita olmadi.

Netanyahuning saylovlardan keyin koalitsiya tuzishga bo‘lgan urinishlari muvaffaqiyatsiz chiqdi va u may oyi boshida, unga hukumat shakllantirish uchun ajratilgan 28 kunlik muddat tugagach, mandatni prezidentga qaytarib berdi. Muxolifat yetakchisi, «Yyesh atid» partiyasi rahbari Yair Lapid esa turli partiyalarga mansub bo‘lgan 56 deputatning qo‘llab-quvvatloviga ega edi, 5 may kuni o‘sha vaqtdagi prezident Reuven Rivlin unga 28 kun mobaynida yangi koalitsion hukumat shakllantirish uchun mandat berdi. Bu muhlat 2 iyun kuni kechqurun tugadi.

Lapid bir necha siyosiy kuchlar bilan kelishishga muvaffaq bo‘ldi - so‘lchilar «Merets» va «Isroil mehnat partiyasi», «Nash dom - Izrail» («Isroil - bizning uyimiz») partiyasi va Benni Gansning «Kaxol-Lavan» («Oq-ko‘k») partiyalar bloki.

2019 yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan saylovlar natijalariga ko‘ra, partiyalarning hech biri hukumatni shakllantirish uchun zarur ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritmagan va koalitsiya ham tuzilmagandi. O‘sha yilning sentabr oyida takroriy saylovlar muvaffaqiyatsiz tugagach, keyingi saylov 2020 yil mart oyida bo‘lib o‘tdi.

2020 yil martida Gans Netanyahu bilan koalitsion hukumat tuzgan, lekin u bilan faqat dekabr oyigacha ishlay olgandi -  parlament a'zolari mamlakatning 2021 yilgi budjetini tasdiqlay olmagach, parlament yana tarqatib yuborilgan va 2021 yil martiga yangi saylovlar tayinlangandi).

Chorshanba kuni Isroilparlamenti yangi prezidentni sayladi

2 iyun kuni Isroil parlamenti siyosiy kurashni bir chetga surib turib, yangi prezidentni sayladi. Bu lavozimni mamlakatning oltinchi prezidenti (1983-1993 yillar) bo‘lgan Xaim Xersogning o‘g‘li Itsxak Xersog egalladi.

U Knessetda yashirin ovoz berish yo‘li orqali saylangan. Gersogning nomzodini 87 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan. U berilgan ovozlar natijasiga ko‘ra, Isroilning birinchi ayol prezidenti bo‘lishi mumkin bo‘lgan Miryam Peretsni ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.

Xersog Ariel Sharon bosh vazirligi davrida vazirlar mahkamasi kotibi bo‘lib ishlagan, 2005-2011 yillarda turli hukumatlar davrida vazir lavozimlarida bo‘lgan, 2013-2018 yillarda Mehnat partiyasiga rahbarlik qilgan, so‘nggi vaqtlarda  yahudiylarni vataniga qaytarish va ularning Isroilga joylashishiga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi «Soxnut» agentligini boshqargan.

Naftali Bennet va Yair Lapid prezidentni saylash jarayonida

Xabarlarga ko‘ra, Knessetdagi ovoz berish jarayonida Yair Lapid va Naftali Bennet do‘stona gaplashib o‘tirgan.

Mavzuga oid
Top