20:40 / 03.06.2021
4408

Qoida buzgan haydovchini so‘kkan YPX xodimi ishdan haydaldi

Jizzax shahrida qoida buzgan haydovchi bilan muloqot davomida o‘zini nosamimiy tutgan va uni so‘kkan YPX xodimi ishdan bo‘shatilgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 12 aprel kuni Jizzax viloyati IIB YHXB YPX xodimlari Z.Po‘latov, Z.G‘aniyev va Sh.Murodov Jizzax shahar, I.Karimov shohko‘chasida tungi xizmatni olib borayotgan vaqtda inspektor Sh.Murodov tomonidan «VAZ-2108» mashinasi haydovchisi yo‘l harakati qoidalari 99-bandida belgilangan talablarga amal qilmasdan harakatlangani bois to‘xtatilgan.

YPX xodimi haydovchidan me'yoriy hujjatlarini taqdim qilishini so‘raganda, haydovchi hujjatlarini taqdim eta olmagan. Haydovchi A.J.ga nisbatan belgilangan tartibda ma'muriy bayonnoma tuzilib, «VAZ-2108» vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga maxsus evakuator yordamida olib ketilayotganda, haydovchi YPX xodimiga e'tiroz bildirib, qarshilik ko‘rsatgan. Shunda inspektor Sh.Murodov ham haydovchi bilan muloqot jarayonida odob-axloq normalaridan chetga chiqib, unga nosamimiy munosabatda bo‘lgan.

Haydovchi YPX xodimi bilan o‘rtalarida bo‘lgan muloqotni videolavhaga yozib olib, uni ijtimoiy tarmoqlarga joylagan. Shundan so‘ng Jizzax viloyati IIB tomonidan haydovchi va YPX inspektori Sh.Murodov xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Mazkur tekshiruv xulosasiga ko‘ra, xizmat faoliyati davomida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan «Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida»gi Nizom hamda ichki ishlar vazirining ayrim me'yoriy buyruqlari talablarini buzgani uchun Jizzax viloyati IIB YHXB YPX xodimi Sh.Murodov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Mavzuga oid
Top