10:08 / 03.06.2021
8129

Toshkent va Dushanbe tojik zobitlarini O‘zbekiston harbiy o‘quv yurtlarida o‘qitishga kelishib oldi

Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida bunday shartnoma birinchi marta imzolandi.

Foto: Tojikiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati

Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida Tojikiston fuqarolarini O‘zbekiston harbiy o‘quv yurtlariga qabul qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Bo‘lajak tojik zobitlari O‘zbekiston harbiy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish huquqini bu yil qo‘lga kiritishdi, deb xabar berdi «Aziya-Plyus» Tojikiston Mudofaa vazirligidagi manbaga tayangan holda. 

Bugungi kunga kelib, tomonlar O‘zbekiston har yili tojikistonlik fuqarolarning harbiy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishi uchun qancha kvota ajratishi va bo‘lajak tojik zobitlari qaysi mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitilishi to‘g‘risida kelishib olmoqda.

Tojikiston Mudofaa vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, har yili 400 nafar tojikistonlik yosh harbiy universitetlarga o‘qishga kiradi. Ushbu raqamdan har yili mamlakat qurolli kuchlarining 250 nafar bo‘lajak ofitseri Tojikiston Mudofaa vazirligi Harbiy institutiga o‘qishga qabul qilinadi. Qolgan 150 nafari hukumatlararo kelishuvlarga binoan har yili Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, Ozarboyjon va O‘zbekiston harbiy universitetlarida o‘qishni boshlaydi.

Manbaga ko‘ra, prezident Imomali Rahmonning ko‘rsatmasiga binoan har yili milliy armiyaning 80 nafarga yaqin bo‘lajak ofitseri harbiy OTMga tibbiy ko‘rik va suhbatdan o‘tgandan keyingina imtihonsiz qabul qilinadi. Bunday imtiyoz Tojikiston prezidenti nomidan faqat yetim va kam ta'minlangan oilalar bolalariga beriladi.

Top