17:22 / 05.06.2021
44383

Andijon viloyati hokimligining ikki xodimi 10,5 yilga qamaldi

Andijon viloyati hokimligi qoshidagi direksiya bosh mutaxassisi va hokimlik tuzilmasidagi boshqarma g‘aznachisi yer sotishga doir 135 ming dollarlik pora ishida aybdor deb topildi.

"O‘zbekiston 24" telekanali efiridan kadr

4 iyun kuni Andijon viloyat sudida viloyat hokimligining ikki xodimi ustidan 135 ming dollarlik korrupsion jinoyat ishi bo‘yicha hukm o‘qildi.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning ma'lum qilishicha, sud hukmi bilan quyidagi to‘rtala sudlanuvchi ham aybdor deb topilgan:

  • Oybek Abdujalilov – 2019 yil 1 noyabrdan hozirgi kunga qadar Andijon viloyati hokimligi huzuridagi «Kichik sanoat zonalarini boshqarish yagona direksiyasi» bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan;
  • Umidjon Soliyev – Andijon viloyati hokimligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi xo‘jalik mudiri – kassir lavozimida ishlagan;
  • Abdulhamid Usvaliyev «Universal vodiy gips» MChJ rahbari lavozimida ishlagan;
  • Abdurahmon Usvaliyev – fuqaro.

Ish hujjatlari va sudda aniqlangan holatlarga ko‘ra, sudlanuvchilar oldindan til biriktirib, bir guruh bo‘lganlari holda jabrlanuvchi I.Dadaxo‘jayevga Xo‘jaobod tuman hokimiyati mansabdor shaxslari orqali tuman hududidan chorvachilik fermer xo‘jaligi tashkil qilish uchun jami 100 gektar yer maydoni ajratib, hujjatlarini tayyorlab berishlari evaziga, firibgarlik yo‘li bilan uni jami 135 ming dollar miqdorida pora berishga dalolat qilgan.

Guruh a'zolari 2021 yil 26 mart kuni I.Dadaxo‘jayevdan kelishilgan summaning dastlabki 7 000 dollarini olgan. 29 mart kuni esa qolgan 128 ming dollarni Andijon shahar Bo‘ston dahasida joylashgan «UzDongYang-Ko» qo‘shma korxonasi oldida olayotganlarida DXX va departament xodimlari tomonidan ushlangan.

Shu kuni O.Abdujalilovning ixtiyoriy roziligiga ko‘ra davom ettirilgan tezkor tadbirda, U.Soliyev talab qilingan 135 ming dollar miqdoridagi pullardan o‘ziga tegishli 70 ming dollarni jinoiy sherigi O.Abdujalilovdan Andijon shahar, Pushkin ko‘chasida joylashgan RShTYoIM Andijon filialining avtoturargohida olgan vaqtida DXX hamda departament xodimlari tomonidan ushlangan.

Sud hukmi bilan to‘rtala sudlanuvchi ham Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan aybli deb topildi.

Oybek Abdujalilov va Umidjon Soliyev 3 yil mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 10 yil 6 muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Abdulhamid Usvaliyev va va Abdurahmon Usvaliyev 10 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 3 iyun kuni prezident huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hokim qarori bilan nodavlat sektorga yer ajratish hamda yerlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri berish amaliyotlari bekor qilinishi ma'lum qilindi.

Mavzuga oid
Top