14:43 / 05.06.2021
15453

Maktabgacha ta'lim vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi

4 yil davomida oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Uzoqboy Begimqulov maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. Vazirlar Mahkamasida faoliyat yuritgan Bahodir Anorboyev maktabgacha ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosariga aylandi.

Uzoqboy Begimqulov / Foto: Xalqaro press-klub

Bahodir Anorboyev maktabgacha ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u bunga qadar Vazirlar Mahkamasida faoliyat yuritgan.

Anorboyev 24 may kungi prezident yig‘ilishida «sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun» ishdan olingan Qahramon Olimovning o‘rnini egalladi.

Shuningdek, vazir o‘rinbosari Maqsudjon Yo‘ldoshev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgan.

Uning o‘rniga Uzoqboy Begimqulov tayinlandi. U 2017 yil iyunidan buyon Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining fan va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgandi.

MTV Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, vazirning sobiq o‘rinbosarlari ishdan bo‘shatilmagan, balki boshqa ishga o‘tkazilgan va o‘rinlariga yangi tayinlovlar amalga oshirilgan.

Tayinlovlar sababi va sobiq o‘rinbosarlarning qaysi ishga o‘tgani ma'lum qilinmadi.

Maktabgacha ta'lim vaziri sifatida vazirlik tashkil etilgan 2017 yildan buyon Agrippina Shin faoliyat yuritmoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 24 may kuni hududlarda maktabgacha ta'lim muassasalari qamrovini kengaytirish masalalari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tgani xabar qilingandi.

Top