07:59 / 05.06.2021
2670

Quvasoy shahrida press-tur va matbuot anjumani o‘tkazildi

Ommaviy axborot vositalari xodimlari, hokimlik va boshqarmalarning axborot xizmati rahbarlari hamda blogerlar uchun Quvasoy shahriga press-tur uyushtirildi.

Press-tur ishtirokchilari dastlab “Bunyodkor” yoshlar kichik sanoat zonasida olib borilayotgan ishlar va yangi loyihalar bilan tanishib, hududda yangi tashkil etilayotgan vodiyda yagona bo‘lgan “TSEMENT TEXNO SERVIS” Keramogranit plitalar ishlab chiqarish korxonasida uskunalarning o‘rnatilishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi bo‘yicha ma'lumot oldi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari Quvasoy shahrida yangi qurib bitkazilgan “Yoshlar” futbol o‘yingohi hamda tez kunlarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan Sport majmuasiga tashrif buyurdi. 

Ommaviy axborot vositasi xodimlari shahar hokimligi muassisligidagi "Isfayram"  gazetasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. 

Shundan so‘ng shahar hokimligida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda shahar hokimi Ravshan Rahimjonov shaharning yangi “o‘sish nuqta”larini shakllantirish, hududni mahallabay kompleks rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish va mavjud muammolarni hal etish chora-tadbirlari yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri shahar hokimi Ravshan Rahimjonovga bugungi kunda Quvasoydagi asosiy muammolar nimadan iboratligi haqida savol berdi. 

Savolga javoban shahar hokimi hududda aholini ish bilan ta'minlash va uy-joy masalasi dolzarb bo‘lib turgani, ishsizlikni kamaytirish uchun 6 ta kichik sanoat zonasi tashkil qilingani, uy-joy muammosini bartaraf qilish uchun esa shahar hududida ko‘p qavatli turar joylar qurilayotganini aytib o‘tdi.

Top