23:29 / 08.06.2021
7135

AQSh Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarining yarmidan ko‘pini olib chiqdi

 AQSh Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarining yarmidan ko‘pini olib chiqdi. Bu haqda AQSh qurolli kuchlarining markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma'lum qildi.

Foto: AFP

Qo‘mondonlikda ta'kidlanishicha, qo‘shinlar olib chiqilishi boshlangandan beri Afg‘onistondan 50dan ko‘proq aviareys amalga oshirilgan.  

 Bundan tashqari, deyarli 13 ming harbiy mulk ashyolari yo‘q qilish uchun AQSh mudofaa vazirligining ta'minot boshqarmasiga topshirilgan. AQSh, shuningdek, Afg‘oniston mudofaa vazirligi ixtiyoriga 6ta bazani topshirgan. «CENTCOM’ning baholashicha, qo‘shinlar va harbiy texnikani olib chiqish jarayoni 50 foizdan ko‘proqqa bajarilgan», deb aytilgan qo‘mondonlik bayonotida.    

 Avvalroq AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Vashington Afg‘onistondagi vaziyat amerikalik harbiylar olib chiqilgandan keyin yomonlashadi deb o‘ylamayotganini aytgan. Uning ta'kidlashicha, AQSh Afg‘onistonni butunlay tark etmayapti, mamlakatda AQSh elchixonasi faoliyati va amerikaliklar yo‘lga qo‘ygan dasturlar amal qilishi davom etadi.

AQSh aprel oxiridan Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni boshlagandi. AQSh prezidenti Jo Bayden qo‘shinlar Afg‘onistondan 11 sentyabrgacha to‘liq olib chiqilishini aytgan. Biroq ekspertlarning ta'kidlashicha, bu jarayon ancha avval yakunlanishi mumkin.

Top