22:59 / 08.06.2021
21940

Sud raislari uchun Skoda Kodiaq va Malibu-2 mashinalari xarid qilindi. Oliy sud xaridlar qonunchilikka zid emasligini bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda sud tizimi mansabdorlari uchun jami 10 mlrd 129 mln so‘m qiymatdagi 26ta Skoda Kodiaq va 3ta Malibu-2 rusumli avtomobillar xarid qilingani, ushbu xaridlar qonunchilikka zid ravishda amalga oshirilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ushbu xabarlarga ilova qilingan suratda Moliya vazirligining Oliy sudga yo‘llagan javob xati eks etgan bo‘lib, unda Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta'minlash departamentining hududiy bo‘limlari tomonidan sud raislarini xizmat avtomashinasi bilan ta'minlash maqsadida 347 mln so‘mdan viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun jami 26 dona Skoda Kodiaq Ambition rusumli va 369 mln so‘mdan Toshkent shahri uchun jami 3 dona Malibu-2 rusumli transport vositalari xarid qilinishiga vazirlik tomonidan e'tiroz yo‘qligi bildirilgan.

Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov ushbu masalada Kun.uz’ga ma'lumot berdi. U «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning 79-moddasiga muvofiq joriy yilning may oyida viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar raislariga Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 26 dona Skoda Kodiaq va 3 dona Malibu-2 avtomashinalari xarid qilinganini tasdiqladi.

Oliy sud rasmiysi mazkur avtomashinalarning xarid qilinishi sababini viloyat sudlari raislarining xizmat avtotransport vositalari ekspluatatsiya muddatini o‘tagani hamda ma'nan va jismonan eskirgani bilan izohladi.

«Ayni paytda turli ijtimoiy tarmoqlarda sudlar uchun xarid qilingan xizmat avtotransport vositalari xususida turli tanqidiy maqolalar chiqmoqda. Ushbu maqolalarda qandaydir qonun buzilish holati yoki biror-bir me'yoriy hujjatga amal qilinmaganlik holati ko‘rsatilmagan. Shu bilan birga, sud tizimi uchun xarid qilingan avtomashinalarda ushbu holatlar mavjud emas.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining «Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2021 yil 29 apreldagi 258-sonli qarorida ham sud organlari kiritilmagan. Shunga ko‘ra, mazkur qarorlarda belgilangan me'yorlar va cheklovlar sud organlariga tegishli emasligi eslatib o‘tiladi», – deydi Aziz Obidov.

Aytish joizki, yuqoridagi hukumat qarorida xizmat avtomobillari xarid qilishga qo‘yilgan cheklovlar davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari, ya'ni ijro hokimiyati tizimi uchun belgilangan. Qarorda qonun chiqaruvchi va sud hokimiyati mansabdorlari uchun biror cheklovlar nazarda tutilmagan.

Ma'lumot uchun, hukumat qaroriga asosan, davlat boshqaruvi organlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar bo‘linmalari rahbarlari uchun BHMning 700 baravari (171,5 mln so‘m)dan yuqori narxdagi xizmat avtomobili sotib olish taqiqlanadi.

Top