20:31 / 09.06.2021
27149

Kim Chen In omma oldida oriqlab ketgan holda paydo bo‘ldi

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bir oy ichida ilk bor omma oldida ko‘rinish berdi. Internetda tarqalgan surat va videoda uni oriqlab ketgan holda ko‘rish mumkin. Bu esa uning betobligi haqida gaplar tarqalishiga olib keldi.

Foto: TR/KCNA VIA KNS/AFP via Getty Images

Ta'kidlanishicha, Kim Chen In 2011 yildan buyon yiliga o‘rtacha 5-6 kg vazn yig‘ishni boshlagan. 2020 yilga kelib 140 kg tosh bosgan. 

Shimoliy Koreya yetakchisining tashqi qiyofasidagi bunday o‘zgarishlar nima bilan bog‘langani hozircha noma'lum. Bu uning betobligidan yoki sog‘lom turmush tarziga o‘tganidan darak berishi mumkin.

Kim Chen In bundan oldin oxirgi marta 7 may kuni Pxenyandagi konsertda ko‘rinish bergan. 8 iyun kuni u partiya yig‘ilishini o‘tkazgan.

2020 yil bahorida ham Shimoliy Koreya yetakchisining muayyan vaqtga ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi uning jiddiy kasallikka uchragani va hattoki o‘lgani haqida mish-mishlar tarqalishiga olib kelgandi. Biroq u 20 kun o‘tib, 2 may kuni Sunchxondagi o‘g‘itlar ishlab chiqarish zavodi ochilishida ishtirok etib, bunday gaplarning «bolalashi»ga chek qo‘ygandi.

Koreya bo‘yicha rossiyalik mutaxassis Konstantin Asmolovning ta'kidlashicha, Kim Chen Inning oriqlab ketgani uning sog‘lig‘idagi muammolar bilan bog‘langan bo‘lishi mumkin.

«Unda vazn to‘plashga olib keluvchi nasliy qand kasalligi bor. Kim Chen In diabetning og‘ir shaklidan aziyat chekadi va hattoki maxsus poyabzal kiyib yurishiga to‘g‘ri kelgan. Bunga qon bosimi va ishdagi stress ham qo‘shiladi. E'tibor bersangiz, u vaqti-vaqti bilan, yiliga taxminan bir marta 3-4 haftaga ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Tushunishimcha, aynan shunday vaqtda u tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. O‘tgan yil Kim aprelda ko‘zdan g‘oyib bo‘lganda, sarosima ko‘tarilib, turli mish-mishlar va hattoki o‘lgani haqida gaplar tarqalgandi», deb ta'kidlab o‘tgan ekspert.

Mavzuga oid
Top