16:33 / 09.06.2021
22765

Yevro-2020, tanishtiruv: V guruhi - Rossiyaning raqiblari FIFA reytingi yetakchisi va skandinavlar

Yevropa chempionatining B guruhida Belgiya, Rossiya, Daniya va Finlyandiya terma jamoalari o‘rin olgan.

Foto: SE

DANIYa

  • FIFA reytingidagi o‘rni — 10
  • Yevro-2020ga yo‘l — 4 g‘alaba, 4 durang, 0 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 23-6
  • Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar — Kristian Eriksen (5 gol)
  • Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi — g‘oliblik (1992)

Daniya bosh murabbiyi
2020 yil 1 avgustida terma jamoa boshqaruviga avval Germaniyaning «Mayns» klubida ishlagan Kasper Hyulmann keladi. U 2011/12 yilgi mavsumda Daniya chempionatida «Norshellan» klubi bilan muvaffaqiyatga erishib, chempion bo‘lgandi.

Uning boshqaruvida terma jamoa Millatlar ligasida yomon ishtirok etmadi, qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha Angliyani ortda qoldirib, A divizionda qoldi. Hyulmann davrida o‘tkazilgan 10 o‘yinda faqat ikki bor mag‘lub bo‘lindi (ikki safar ham — Belgiyaga), mart oyida JCh-2022 saralash turniridagi uch uchrashuvda ham g‘alabaga erishildi - 14:0.

Asosiy yulduzlar
Daniyaliklar ansablida birinchi raqamli skripkachi rolida Kristian Eriksen. «Inter»da moslashish davridagi bir necha oylik qiyinchiliklardan keyin ushbu yarimhimoyachi baribir Antonio Konte tizimidan joy topa oldi va jamoa chempionligiga hissa qo‘shdi. 29 yoshigacha Eriksen milliy jamoa safida 136 o‘yinda ishtirok etishga ulgurdi va jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida 7-o‘rinda joylashgan (36 gol). Yakunlangan mavsumda Eriksen — Italiya chempionatida muhim uzatmalar soni bo‘yicha yetakchi bo‘ldi (har o‘yinda o‘rtacha 2,36). Uning aqlli o‘yini guruhdagi raqiblarga muammo tug‘dirishi tabiiy.

Tarkib
Darvozada odatdagidek Shmeyxel, markaziy himoyada Kristensen — Ker juftligi, tayanch zonasidan Heyberg joy egallaydi, hujumkor havbeklar uchligi Breytueyt — Eriksen — Poulsen.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Shmeyxel – Kristiansen, Ker, Vass, Mexle – Heyberg, Dileyni – Breytueyt, Eriksen, Poulsen – Vinn.

Daniya: Yevro-2020 uchun prognoz
Daniya termasida kichik imtiyoz bor: ular guruhdagi uch o‘yinni ham uyda, Kopenhagenda o‘tkazishadi. Tribunalarga minglab fanatlarning qaytishi jamoaga katta yordam bo‘lishi mumkin. Guruhda daniyaliklar pley-offga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma uchun Rossiya bilan raqobatlashadi — Belgiyaga raqobat tug‘dirish uchun Hyulmann shogirdlari ancha kuchsizlik qiladi.

Daniyaning ustunligi — yulduzli tarkibi, bu tarkib rossiyaliklar tarkibidan 122 million yevroga qimmatroq. Har bir chiziqda Yevropa klublarida asosiy tarkib futbolchisi bo‘lgan yulduzlar o‘rin olgan: darvozabon Shmeyxel («Lester»), himoyachilar Ker («Milan») va Kristensen («Chelsi»), yarimhimoyachilar Heyberg («Tottenhem») va Eriksen («Inter»), forvard Poulsen («Leypsig»).

FINLANDIYa

  • FIFA reytingidagi o‘rni — 54
  • Yevro-2020ga yo‘l — 6 g‘alaba, 0 durang, 4 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 16-10
  • Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar — Teyemu Pukki (10 gol)
  • Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi — finlar bungacha turnirning final bosqichiga chiqmagan

Finlandiya bosh murabbiyi
Markku Kanerva 2016 yilning 12 dekabrida Finlandiya termasiga bosh murabbiy bo‘lgandi. Ungacha 10 yil mobaynida yoshlar jamoalari va ichki chempionatdagi klublarda ishlagan. JCh-2018 saralashida Finlandiya Kanerva bilan muvaffaqiyatsizlikka uchrab, Islandiya, Xorvatiya, Turkiya, Ukraina va Kosovo ishtirokidagi guruhda 5-o‘rinni egallagan.

Shundan keyin ko‘tarilish davri boshlangan. Hozirda 57 yoshda bo‘lgan mutaxassis bilan finlar 2019 yilgi Millatlar ligasida guruh bosqichida g‘olib bo‘lib, S diviziondan V divizionga ko‘tarilgan. Keyingi bosqichda Suomi A divizionga ham chiqishi mumkin edi, ammo Uelsga ikki bor mag‘lub bo‘lib, birinchi o‘rinni britaniyaliklarga topshirishgandi.

Lekin asosiysi — terma jamoa ilk bor yirik turnirning final bosqichiga yo‘l oldi.

Asosiy yulduzlar
«Norvich» hujumchisi Teyemu Pukki Yevro-2020 saralash turnirini fenomenal o‘tkazdi. Finlandiya termasining 16 o‘yinida 31 yoshli forvard 10 gol urishga muvaffaq bo‘ldi. U saralash turnirida Harri Keyn, isroillik Eran Zahavi hamda Krishtianu Ronaldudan keyin to‘rtinchi bo‘ldi. Bu ko‘p narsani anglatadi.

Mart oyida boshlangan JCh-2022 saralashida ham Pukki o‘zini ko‘rsatdi. Finlandiya Bosniya (2:2) va Ukraina (1:1) bilan o‘yinlarda durang natijalar qayd etdi. Barcha uch gol «Norvich» hisobiga yozildi.

Tarkib
Pukkiga hujum chizig‘ida Lod yordam beradi, jamoa uch markaziy himoyachi va uch markaziy havbek bilan o‘ynaydi.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Xradetski – Toyvio, O Shonnesi, Araxuri – Raytala, Granlund – Kauko, Kamara, Yyensen – Pukki, Lod.

Finlandiya: Yevro-2020 uchun prognoz
Yevro-2020 Finlandiya termasi tarixidagi ilk yirik xalqaro turnir bo‘ladi. Guruhdagi raqiblar kuchliroq ekani hisobga olinsa, guruhda bir durang yoki bir g‘alabaga erishilsa ham buni muvaffaqiyat sifatida qabul qilish mumkin. Finlandiya hozircha pley-offga chiqishga qodir emas va ulardan buni hech kim talab qilmaydi ham. Muxlislar Yevropa chempionatida ishtirok etishning o‘zini milliy g‘alaba sifatida nishonlashadi, futbolchilar maydonda qo‘llaridan kelgancha o‘ynashsa bo‘lgani.

BeLGIYa

  • FIFA reytingi — 1
  • Yevro-2020ga yo‘l — 10 g‘alaba, 0 durang, 0 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 40-3
  • Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purari — Romelo Lukaku (7 gol)
  • Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi — 2-o‘rin (1980), yarimfinal (1972)

Belgiya bosh murabbiyi
Roberto Martines Belgiya terma jamoasini 2016 yil 3 avgustida qabul qilib olgan. Birinchi o‘yinda Ispaniyaga mag‘lub bo‘lgach — 0:2, qatorasiga 24 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etilgan. «Qizil iblislar»ni faqat Fransiya to‘xtatgandi — 2018 yilgi jahon chempionati yarimfinalida (1:0). Martines bilan belgiyaliklar jahon chempionatlaridagi eng yaxshi natijasiga erishishgan — 3-o‘rin. Ispaniyalik mutaxassis boshqaruvida jami 54 o‘yinda «Qizil iblislar» 42 g‘alabaga erishib, 8 bor durang o‘ynagan va atigi 4 o‘yinda mag‘lub bo‘lishgan.

Asosiy yulduz
Jamoa Yevro-2020da g‘alaba qozonsa, Kevin De Bryuyne «Oltin to‘p» uchun jiddiy da'vogarga aylanadi. Eden Azar avvalgi formasini tiklay olmayotgani tufayli aynan «Manchester Siti» yarimhimoyachisini — belgiyaliklarning Yevro-2020dagi asosiy kreativ kuchi deb qarash mumkin.

Asosiysi, sog‘liq bilan bog‘liq holat joyida bo‘lishidir. Chempionlar ligasi finalida De Bryuyne «Chelsi» himoyachisi Antonio Ryudiger bilan to‘qnashuvda burnini sindirib oldi, qolaversa qoshi yorildi, terma jamoa shifokorlari yetakchi futbolchining turnir startiga yaxshi formada kelishi uchun bor imkoniyatlarni ishga solishdi.

Tarkib
Yevropa chempionati arafasida Belgiyada tarkib bo‘yicha muammolar yo‘qolmagan. 7 iyun kuni Xorvatiyaga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida (1:0) Yevropa chempionati uchun zayavka qilingan 26 futbolchining 23 nafarigina zayavka qilindi. Kevin de Bryuyne YeChL finalidagi jarrohlik amaliyotidan keyin qaytmagandi va faqat dushanba kuni tarkibga qo‘shildi. Aksel Vitsel hamon maydonga tushishga tayyor emas - «Borussiya» Dortmund yarimhimoyachisi yanvar oyida olgan jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘lmagan. Bundan tashqari, Gretsiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida markaziy yarimhimoyachi Dedrik Boyata jarohatlanib safdan chiqqandi.

Vitselning jarohati shuni anglatadiki, maydon markazida Tilemans va Dendonker o‘ynaydi. Vitsel sog‘lom bo‘lganida ulardan birini tarkibdan siqib chiqargan bo‘lardi, ammo hozir boshqa muqobil variant yo‘q. Bu juftlik Xorvatiyaga qarshi o‘yinda ishonchli harakat qilishdi. Markaziy himoya bo‘yicha mavhumlik. Gretsiyaga qarshi o‘yinda Martines Boyatani sheriklarni sug‘urtalovchi markaziy himoyachi sifatida tushirgan bo‘lsa, Xorvatiya bilan o‘yinda odatiy variantga qaytildi - Jyeyson Denayyer markazda, chapda Yan Fertongen, o‘ngda Tobi Alderveyyeld. Darvozabon masalasida savol yo‘q - Tibo Kurtua tayyor. Markaziy hujumda Romelu Lukaku almashmas maqomda - u yakshanba kuni xorvatlar darvozasiga urilgan yagona gol muallifi bo‘ldi - terma jamoa uchun so‘nggi besh o‘yindagi beshinchi gol.

Qolgani ehtimoliy variantlar. Belgiyaning markaziy o‘qi tasdiqlangan, ammo to‘rt qanot futbolchisi bo‘yicha hammasi aniq emas. O‘ng lateral pozitsiyasida odatda Toma Mene o‘ynardi, ammo Xorvatiyaga qarshi o‘yinda Timoti Kastan ham yomon ko‘rinmadi. Belgiya gibrid sxema qo‘lladi: odatiy 3-4-2-1 sxemasi to‘psiz o‘ynalganda 4-4-2 shaklida transformatsiya bo‘ldi — Kastan himoya liniyasi chizig‘igacha qaytdi, Fertongen esa (ikkinchi bo‘limda uning o‘rniga — Tomas Fermalen) markazdan chaproqqa surilib o‘ynadi. «Lester» himoyachisi oldinga chiqishda ham faol bo‘ldi, shunday ekan Menega raqobat yuqori darajada. Dortmundning «Borussiya» klubi himoyachisi baribir Rossiyaga qarshi birinchi o‘rinda boshlang‘ich tarkibda bo‘lsa kerak.

Chap qanot yarimhimoyasida ikki variant bor: Gretsiyaga qarshi o‘yinda Torgan Azar yorqin o‘yin ko‘rsatdi, Xorvatiyaga qarshi o‘yinda esa Nosir Shodli maydonga chiqdi va nisbatan kuchsizroq o‘ynadi. Belgiya hujumlarini o‘ng qanotdan, Kastan orqali rivojlantirdi. So‘nggi 20 daqiqada Torgan Azar o‘ynadi — va o‘yinda rang-baranglik paydo bo‘ldi.

Oldingi chiziqda Lukaku bilan Dris Mertens va De Bryuyne o‘ynashi kerak. «Napoli» forvardi shubhasiz asosiy tarkib futbolchisi — u Gretsiya va Xorvatiyaga qarshi o‘yinlarni a'lo darajada o‘tkazdi. Ammo «Manchester Siti» havbeki tiklana olmasa nima bo‘ladi?

Martines voqealar rivojining har qanday tarziga tayyor va shu tufalyi ikki o‘rtoqlik o‘yinida ham Lukakuning ortida chaproqda Yannik Karrasko harakatlandi. «Atletiko» vingeri Ispaniyaga qaytgach, mavsumni juda kuchli o‘tkazdi va Martines unga ishonch bildirmoqda. Gretsiyaga qarshi o‘yinda Karrasko golli pas muallifi bo‘ldi, Xorvatiyaga qarshi o‘yinda gol urishi ham mumkin edi — uning zarbasi to‘singa tegdi. Lekin u pozitsion o‘yindagi harakatlari bilan maqtana olmaydi, shu bilan birga, deyarli barcha jarima zarbalarini u ijro etmoqda. Garchi Xorvatiyaga qarshi o‘yinda Lukaku bosh bilan gol urganida burchakdan to‘pni unga Mertens uzatib bergandi.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Kurtua – Fertongen, Denayyer, Alderveyreld – Torgan Azar, Mene – Tilemans, Dendonker – De Bryuyne, Mertens, Lukaku.

Belgiya: Yevro-2020 uchun prognoz
Guruh bosqichidagi uch o‘yindan ikkitasida belgiyaliklar mehmon maqomida bo‘lishadi. Rossiya va Daniya Belgiyani Sankt-Peterburg va Kopenhagenda qabul qilishadi, bu jamoalar o‘z muxlislari ko‘magida turnir favoritlariga bosim o‘tkazishga harakat qilib ko‘rishadi.

Lekin Belgiyaning hozirgi tarkibi Yevro-2020 guruh bosqichidan qiyinchiliksiz chiqadigan holatda. Kurtua, De Bryuyne va Lukaku tarkibda bo‘lgan jamoa sovrin uchun asosiy da'vogarlardan. Bu tarkib Rossiyadagi jahon birinchiligida final ostonasigacha borgandi.

ROSSIYa

  • FIFA reytingidagi o‘rni — 38
  • Yevro-2020ga yo‘l — 8 g‘alaba, 0 durang, 2 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 33-8
  • Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar — Artem Dzyuba (9 gol)
  • Yevro tarixidagi eng yaxshi natijalari — g‘oliblik (1960), 2-o‘rin (1964, 1972, 1988), yarimfinal (1968, 2008)

Rossiya bosh murabbiyi
Stanislav Cherchesov Rossiya termasiga 2016 yildan buyon rahbarlik qilib keladi, u Yevropa chempionatida Leonid Slutskiy boshqaruvidagi jamoa guruhda so‘nggi o‘rinni olib muvaffaqiyatsizlikka uchragach tayinlangandi. Ushbu mutaxassis muqaddam Rossiya klublari — «Amkar», «Axmat», «Jyemchujina»da ishlagan, u asosiy muvaffaqiyatiga Polshada erishgan, «Legiya» bilan chempion bo‘lgan.

Dastlabki ikki yil murakkab kechadi, natijalar — turlicha edi. Ammo Rossiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida jamoa chorak finalgacha yetib borib, faqat penaltilar seriyasida Xorvatiyaga yutqazadi. Bu natijadan keyin Cherchesovning nufuzi ko‘tarilib ketadi. Yevro-2020 saralashidagi ishonchli o‘yinlar uning pozitsiyasini yanada mustahkamladi.

Asosiy yulduzlar
Artem Dzyuba — bugungi kunda Rossiya futbolidagi asosiy yulduzlardan. Hatto futbolga qiziqmaydiganlarga ham uning  familiyasi tanish. O‘tgan yil kuzida ushbu hujumchi shov-shuvli mojaro markazida qolgan, o‘shanda uning intim videosi internetda tarqalib ketgach, bu mavzu federal telekanallarda muhokama bo‘lgandi.

Shu bilan birga, «Zenit» forvardi — 2018 yilgi mundialning asosiy qahramonlaridan bo‘lgan, Yevropa chempionati saralashida terma jamoaning eng yaxshi to‘purari va sardori bo‘ldi, yaqinda Dzyuba faoliyatida 200-gollik nuqtadan o‘tdi.

Tarkib
Rossiyaliklarning optimal tarkibida o‘ng qanot himoyasida Mario Fernandes, chapda Karavayev harakat qiladi. Markazda Ozdoyev, Zobnin, Golovin va Miranchuk romb hosil qiladi. Hujum markazida — sardor Dzyuba. Cherchesov optimal tarkib qanday ko‘rinishda bo‘lishini 12 iyun kuni Belgiyaga qarshi birinchi o‘yinda belgilab oladi.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Shunin – Jikiya, Kudryashev, Semenov – Fernandes, Karavayev – Golovin, Ozdoyev, Zobnin, Miranchuk – Dzyuba.

Rossiya: Yevro-2020 uchun prognoz
Cherchesov bir necha marta Rossiya Yevro-2020 g‘olibi bo‘lish orzusida ekani, ammo boshqa 23 terma jamoa ham shunday orzuga egaligi haqida aytib o‘tdi. Shuningdek, bu orzuga erishish uchun qadamba-qadam olg‘a yurish kerakligini ta'kidladi. Yetarlicha murakkab bo‘lgan guruhdan chiqish ham yaxshi natija sifatida qabul qilinishi mumkin. Pley-offda esa, JCh-2018 ko‘rsatgani kabi, istalgan ish ro‘y berishi mumkin. Shu bilan birga, agar Rossiya 1/8 finalga chiqa olmasa ham hech kim hayron bo‘lmaydi.

Yevro-2020: B guruhidagi o‘yinlar taqvimi
12 iyun, shanba
21.00 Daniya — Finlandiya (Kopenhagen)
00.00 Belgiya — Rossiya (Sankt-Peterburg)

16 iyun, chorshanba
18.00 Finlandiya — Rossiya (Sankt-Peterburg)

17 iyun, payshanba
21.00 Daniya — Belgiya (Kopenhagen)

21 iyun, dushanba
00.00 Finlandiya — Belgiya (Sankt-Peterburg)
00.00 Rossiya — Daniya (Kopenhagen)

Mavzu
Yevro-2020
Pandemiya tufayli kechiktirilgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionati 11 iyun kuni boshlanadi. Turnir ilk marta butun Yevropa bo‘ylab 11 shahardagi stadionlarda o‘tkaziladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top