20:50 / 11.06.2021
29271

Kattaqo‘rg‘onda YPX xodimlari bilan mojaro paytida vafot etgan soliqchi «ishi» Senat tomonidan nazoratga olindi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida YPX xodimlari bilan mojaro paytida vafot etgan DSI boshlig‘i o‘rinbosarining o‘limi bilan bog‘liq tergov jarayonlari Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Videodan kadr

Bugun, 11 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlar va OAVda joriy yil 10 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on tuman DSI boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Ahmedov yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining zo‘ravonligi tufayli vafot etgani ma'lum qilindi.

Bu borada IIV rasmiy munosabat bildirdi. Unda yozilishicha, Aziz Ahmedov boshqaruvidagi «Cobalt» svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtamasdan, xodimlarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, yuqori tezlikda harakatlanib yashirinmoqchi bo‘lgan. So‘ng yo‘l o‘rtasida to‘xtab, haydovchi mashinani tashlab, piyoda qochishga uringan. Bu borada vazirlik internet tarmoqlarida holat tasvirga tushirilgan videomaterialni havola etgan.

Qayd etilishicha, hozirda ushbu holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Holat yuzasidan yakuniy xulosa, tergov jarayonlari o‘z nihoyasiga yetgandan so‘ng ma'lum bo‘ladi.

«Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi mazkur holatni o‘rganish natijalari bo‘yicha ma'lumotlarni keng ommaga e'lon qiladi. O‘z navbatida, qo‘mita qonunbuzilish holatining har qanday ko‘rinishiga murosasiz ekanligini bildiradi», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 29 avgust kuni tunda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining o‘rinbosari, 1982 yilda tug‘ilgan Nodir Xushvaqtov o‘ziga biriktirilgan, davlat raqami 30 425 SAA bo‘lgan «Chevrolet Nexia» rusumli avtomashinada avtohalokatga uchrab, shifoxonada hayotdan ko‘z yumgandi. O‘shanda N. Xushvaqtovning otasi Hamidulla Xushvaqtov o‘g‘lining o‘limida YPX xodimlarini ayblab chiqqandi. Uning aytishicha, YPX xodimlari o‘g‘lini quvishgan va u qochaman deb yo‘l-transport hodisasiga uchrab vafot etgan.

Top