13:50 / 12.06.2021
1704

Sirdaryoda fuqarolarni 6 400 dollar evaziga soxta hujjatlar asosida «o‘qishga kiritgan» firibgarlarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Illyustrativ foto

Sirdaryo viloyati Xovos tumanida fuqarolarni o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilib, 6400 AQSh dollari olgan firibgarlarga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xovos tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, shu tumanda yashovchi fuqaro O.A. va boshqalar oldindan til biriktirib, fuqarolarni aldab pulini o‘zlashtirgani aniqlangan. Jumladan, ular 3 nafar fuqaroni Guliston davlat universitetida ishlovchi tanishi Sh. orqali shu OTMning sirtqi bo‘limiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, ularning 6 400 dollar pulini olgan.

Bundan tashqari fuqaro Z.A.ga 3,5 million so‘m va U.M.ga 9,1 million so‘m pulni «kontrakt to‘lovlari» uchun to‘latib, ularga talabalar safiga qabul qilinganligi to‘g‘risida soxta buyruqlarni taqdim etgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top