16:15 / 16.06.2021
5448

Eronda prezidentlikka yana bir nomzod saylovda qatnashmaslikka qaror qildi

Avvalroq Eron sobiq vitse-prezidenti Muhsin Mehralizoda prezidentlik saylovida qatnashishdan voz kechgandi.

Eron parlamenti deputati va parlament tadqiqot markazi rahbari Alirizo Zakaniy prezidentlik saylovlarida oliy sud raisi Ibrohim Raisiy foydasiga o‘z nomzodidan voz kechishini ma'lum qildi. U bu haqda YJC agentligiga bergan intervyusida aytdi.

Avvalroq Tasnim agentligi parlament deputatlari saylovda qatnashayotgan barcha konservatorlarni Raisiy foydasiga o‘z nomzodlarini qaytarib olishga chaqirgani haqida xabar bergandi.

Undan tashqari, Eron sobiq vitse-prezidenti Muhsin Mehralizoda ham prezidentlik saylovida nomzod sifatida qatnashmaslikka qaror qildi.

Saylov oldidan prezidentlikka yetti nafar nomzod qayd etilgandi: oliy sud raisi Ibrohim Raisiy, qabul qilinayotgan qarorlarning maqsadga muvofiqligi bo‘yicha kengash kotibi Muhsin Rizoiy, markaziy bank sobiq rahbari Abdulnosir Himmatiy, milliy xavfsizlik oliy kengashi sobiq kotibi Said Jaliliy, parlament raisi o‘rinbosari Amir Husayn Qozizoda Hoshimiy, parlament deputati Alirizo Zakaniy va Muhsin Mehralizoda. 

Eronda saylov kampaniyasi 16 iyun kuni yakuniga yetadi. 17 iyun osoyishtalik kuni deb e'lon qilingan – nomzodlarga tashviqot ishlarini olib borish taqiqlanadi.

Prezidentlik saylovi 18 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid
Top