19:01 / 16.06.2021
4721

Navoiyda uch kishi mashina olib qochdi. Ular orasida 17 yoshli qiz ham bor

Navoiy viloyati Konimex tumanida uch kishi mashina olib qochgan. Ular orasida 17 yoshli qiz ham bo‘lgan. Bu haqda viloyat IIV YHXBB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 12 iyun kuni fuqarolardan biri Konimex tumani IIB navbatchilik qismiga tuman hududida joylashgan AYoQShda turgan «Neksiya-3» mashinasini noma'lum shaxslar olib qochib ketgani haqida xabar bergan. Tuman IIB YHXB va jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida mashina olib qochganlikda gumonlangan shaxslar Qiziltepa tumanida ushlangan.

Surishtiruvlarda aniqlanishicha uch nafar gumonlanuvchi Toshkentdan Navoiy shahriga borish uchun Samarqand shahridan taksi chaqirgan va narxini kelishib «Neksiya-3» mashinasiga o‘tirishgan Ular Konimex tumaniga yetganida haydovchi AGQShlardan biriga yoqilg‘i quyish uchun kirgan. Haydovchining hojatxonaga kirganidan foydalanib, uch yo‘lovchi mashinani minib qochib ketishgan. Qiziltepa tumani hududiga yetishganda mashinaning yoqilg‘isi tugab, to‘xtab qolgan. Ikki yigit mashinani tashlab, qochib ketishgan. Qiz mashina oldida qolgan.

Mashina olib qochganlarning eng kattasi 19 yoshda bo‘lib, u avval ham o‘g‘irlik jinoyatini sodir etib jazolangan shaxs bo‘lib chiqqan.

Ta'kidlanishicha, ushbu uch nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksi 267-moddasining tegishli bandlari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozir dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Top