15:00 / 16.06.2021
5295

Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengashning ilk yig‘ilishi o‘tkazildi

Foto: O‘zsanoatqurilishbank

15 iyun kuni O‘zsanoatqurilishbank Boshqaruvi raisi, Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengash raisi rahbarligida Kengashning birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zsanoatqurilishbank, O‘zsanoatqurilishmateriallari uyushmasi, Davlat geologiya qo‘mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi mas'ullari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida joriy yil 30 aprel kuni hududlarda qurilish materiallari va mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish chora-tadbirlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar hamda davlatimiz rahbarining shu yil 9 iyundagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Ta'kidlanganidek, hududlarda mavjud sanoat salohiyatidan, ayniqsa, qurilish industriyasini rivojlantirishda noruda minerallarning xomashyo bazasini o‘zlashtirish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti. Xususan, keramzit, silikat qumi, shisha xomashyosi, qurilish va qoplama toshlarga ega o‘rganilgan konlarning yarmidan ko‘pi o‘zlashtirilmay qolmoqda. Natijada, sanitariya-texnik vositalar bo‘yicha mahalliy ishlab chiqarish ichki bozorning faqatgina 40 foizini, gazobeton bloklar – 51 foizini, lak-bo‘yoq mahsulotlari – 65 foizini, qurilish oynalari – 70 foizini, devor gulqog‘ozlari – 30 foizini tashkil etmoqda.

Yig‘ilishda Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengashning tashkil etilishi sohaga aloqador barcha mas'ul muassasalar va tadbirkorlar bilan birgalikda qurilish industriyasini tizimli rivojlantirishni ta'minlash orqali mamlakatimizdagi tabiiy xomashyo bazasidan qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan zanjirni yaratish ekani alohida qayd etildi.

Bugungi kunda O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, mahalliy hokimliklar bilan birgalikda sohani jadal rivojlantirish borasida ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, Bankda sohani rivojlantirish maqsadida maxsus departament va uning barcha hududiy mintaqaviy filiallarida sohaga oid biznes loyihalarni ishlab chiqish, tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatish hamda mahalliy hokimliklar bilan uzviy bog‘liqlikni tashkil qilish uchun markazlar tashkil etildi.

Markazlarga iqtisodchi, noruda foydali qazilma konlari geologi, qurilish materiallari sanoati muhandis-texnologi, qurilish materiallari ishlab chiqarishni loyihalashtirish menejyerlari kabi mutaxassislar ishga jalb qilindi.

Markazlarda hududlardagi foydali qazilma konlari, bozor kon'yukturasi, zarur asbob uskunalar, tashkil etiladigan o‘quv kurslari bo‘yicha ma'lumotlar hamda tadbirkorlik sub'yektlariga loyihalar, biznes rejalar, loyihalarning texnik iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishda ko‘mak berib kelinmoqda.

Bundan tashqari, xalqaro “BCG” kompaniyasi ekspertlarini jalb etgan holda  “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda sohada faoliyat olib borayotgan yirik korxonalarning mavjud muammolari va ularni yechish bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi.

Jumladan, xalqaro ekspertlar ko‘magida 2022-2026 yillarda mahalliy sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirish va hududlarning eksport salohiyatini oshirish dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Tadbirkorlar bilan muloqot qilish, ularning takliflarini o‘rganishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Bank Boshqaruvi a'zolari va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi mas'ullaridan iborat ishchi guruh tashkil etilib, bugungi kunga qadar shakllantirilgan umumiy qiymati 5,25 mlrd dollarlik 1 019 ta loyihani hamda yangi istiqbolli loyihalarni aniqlash bo‘yicha hududlarda o‘rganishlar o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, 24 ta ixtisoslashtirilgan tuman va shaharlar hududlarida qurilish materiallari klasterlarini tashkil etish, jumladan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yanada kengaytirish maqsadida maxsus industrial zonalarni tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan tuman va shaharlarda qiymati 1,7 mlrd. dollarlik 212 ta loyiha shakllantirildi. Loyihalar amalga oshirilish natijasida 11 763 ta ishchi o‘rinlari yaratiladi.

Sohadagi 500 mln dollarlik loyihalarni moliyalashtirishni tashkil etish maqsadida Bank tomonidan 300 mln dollar miqdoridagi mablag‘larni jalb qilish borasida ishlar olib borilmoqda.

Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan mas'ullarning axboroti tinglandi. Kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.

Ma'lumot uchun:“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi huzuridagi Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 9 iyundagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, Kengashga O‘zsanoatqurilishbank Boshqaruvi raisi rahbarlik qiladi.

O‘zsanoatqurilishbank Axborot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid
Top