23:54 / 17.06.2021
8353

AQSh kongressmenlari Iroqda urush boshlashga ruxsat bergan rezolyutsiya bekor qilinishini qo‘llab-quvvatlashdi

AQSh kongressi vakillar palatasi AQShga Iroqqa bostirib kirishga ruxsat bergan 2002 yilgi rezolyutsiyaning bekor qilinishi uchun ovoz berdi.

Foto: REUTERS/James Lawler Duggan

Bloomberg axborot agentligining xabar berishicha, rezolyutsiyaning bekor qilinishi haqidagi qonun loyihasi muallifi Demokratik partiya vakili Barbara Li hisoblanadi. Loyihani 268 kongressmen qo‘llab-quvvatlagan, 161 nafari qarshi chiqqan.

Avvalroq demokratlarning senatdagi yetakchisi Chak Shumer 2002 yilgi rezolyutsiya Iroqdagi urush 10 yil avval yakunlangani sababli hozirda kerak emasligini aytgan. U yangi hujjat prezidentga «harbiy harakatlarning amalga oshirilishini oqlashga» imkon bermasligini aytgan. Shumer sobiq prezident Donald Tramp tomonidan 2020 yilda eronlik general Qosim Sulaymoniyni yo‘q qilishga berilgan buyruqni bunga misol tariqasida keltirgan. O‘shanda Tramp o‘z qarorini qabul qilishda aynan 2002 yilgi rezolyutsiyaga tayangan.

«Biz tarixni qayta ko‘rib chiqa olmaymiz. Biroq bu ruxsat qonunlarda saqlanib qolmoqda va kongress uni bekor qilmagani uchun u suiiste'mol qilinishi mumkin. Bizning adog‘i yo‘q urushlarga chek qo‘yish vaqti keldi. Biz kongressning urush va tinchlik masalalaridagi vakolatlarini tasdiqlash uchun bu imkoniyatdan foydalanishimiz lozim», deb aytgan Li vakillar palatasidagi nutqida.

Shu bilan birga, kongressmenlarning bir qismi AQShda 2001 yil 11 sentyabrdagi hujumlardan keyin terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha qabul qilingan 2001 yilgi rezolyutsiya va Iroqda kuch qo‘llashga ruxsat beruvchi 1991 yilgi rezolyutsiyani ham bekor qilish kerak deb hisoblamoqdalar.

2002 yil 16 oktyabrda AQSh kongressi Iroqda harbiy amaliyotni boshlashga imkon bergan rezolyutsiyani qabul qilgan edi. Shundan keyin Iroqqa AQSh-Britaniya koalitsiyasi kuchlari tomonidan birinchi raketa-bomba zarbalari 2003 yil 20 martda berilgan. Iroqdagi urush 9 yil davom etgan va 2011 yil 15 dekabrda rasman yakunlangan. Bu vaqt davomida Iroqda koalitsiyaning 5 ming harbiysi, jumladan, AQShning 4,5 ming askar va zobiti halok bo‘lgan. Iroq armiyasi va politsiyasining yo‘qotishlari 10–15 ming kishini, tinch aholi orasidagi qurbonlar esa turli ma'lumotlarga ko‘ra, 60 mingdan 150 minggacha kishini tashkil qilgan. 

Top