12:36 / 17.06.2021
52816

Sobiq MXX binosini tashqi ishlar vazirining o‘g‘liga tegishli kompaniya sotib oldi

Mustaqillik maydonining qarshisida joylashgan MXXning sobiq markaziy binosini «Metropol Group» MChJ 210 mlrd so‘mga sotib oldi. Kompaniya bundan 4 oy oldin ro‘yxatdan o‘tgan. Ta'sischisi – 100 foizlik ulush bilan Doniyor Komilov.

Ayrim yirik ko‘chmas mulk obektlarini xususiylashtirish jarayonlari bo‘yicha Davlat tender komissiyasining qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahri Sayilgoh ko‘chasida joylashgan sobiq MXX binosi bo‘yicha 210,0 milliard so‘m sotib olish narxi bilan «Metropol Group» MChJ savdo g‘olibi deb topildi.

Ochiq manbalarga ko‘ra, «Metropol Group» MChJning ta'sischisi – 100 foizlik ulush bilan Doniyor Abdulazizovich Komilov hisoblanadi.

Doniyor Komilov – O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning farzandi.

«Metropol Group» MChJ 2021 yil 23 fevralda ro‘yxatdan o‘tgan.

Kompaniyaning faoliyat yo‘nalishi sifatida tijorat va boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahat berish faoliyati ko‘rsatilgan.

Doniyor Komilov O‘zbekistondagi «Metropol Group» MChJdan tashqari, Rossiyadagi bir nechta korxonalarning ham ta'sischisi hisoblanadi.

2016 yilda Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan, qimmatli qog‘ozlar sohasida faoliyat yurituvchi «Selena» MChJ va moliyaviy xizmatlar sohasida faoliyat yurituvchi «KTS» MChJ shular jumlasidan.

Bundan tashqari, Doniyor Komilov 2010-2014 yillarda Gazprombankning «Upravlyayushchaya kompaniya – Strategicheskiye aktivy» YoAJ tuzilmasi rahbari bo‘lgan. Shuningdek, 2015-2016 yillarda «Uralmashzavod» direktorlar kengashiga a'zo bo‘lgan.

Doniyor Komilov ilmiy sohada ham faoliyat yuritadi. Xususan, 2012 yilda Rossiya Tabiiy fanlar akademiyasiga a'zolik uchun «Rossiya Federatsiyasida ijtimoiy soha tarmoqlari rivojlanishining davlat tomonidan tartibga solinishi» mavzusida dissertatsiya yoqlagan, shuningdek iqtisodiyot sohasida bir qancha monografiyalar chop etgan.

Ma'lumot uchun, 2018 yilda «O‘zbekko‘mir» AJ prezident qaroriga asosan Doniyor Komilovning biznes hamkori Nikolay Yemelyanov tomonidan tashkil etilgan Rossiya kompaniyasi – «ProgressGorTex» MChJga ishonchli boshqaruvga berilgandi.

Biroq, 2019 yilda ushbu qarorga o‘zgartirish kiritilib, «O‘zbekko‘mir» AJ «ProgressGorTex» MChJga ishonchli boshqaruvga berilmaydigan bo‘lgandi.

Mavzuga oid
Top