17:34 / 26.06.2021
2007

Buxoroda fuqaroni ishga joylashtirishini aytib 1400 dollar olgan ikki ayol qo‘lga olindi

Buxoroda fuqarolardan birini ishga joylashtirish uchun 1400 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olayotgan ikki ayol qo‘lga olingan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Buxoro viloyati huquq tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Buxoro shahar Perinatal markazi kichik tibbiy xodimi 1976 yilda tug‘ilgan ayol va uning hamkasbi oldindan til biriktirib, firibgarlik jinoyatini sodir etayotganda ushlangan.

Ular o‘zga bir fuqaro ishonchiga kirib, uni 1 400 dollar evaziga vakolatli tanishlari orqali Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filialiga ishga joylashtirishni va'da qilishgan. So‘ng, Buxoro shahridagi savdo majmuasi binosi oldida kimyoviy ishlov berilgan 1 400 dollarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan birgalikda qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top