14:17 / 26.06.2021
29081

Xitoyga viza olish: tartib va talablar

UzbekLife uchun tayyorlangan ushbu maqolada Xitoyga kirish vizasini olish tartibi, viza turlari hamda uni rasmiylashtirish jarayoni haqida to‘xtalamiz.

Ilk sivilizatsiya vujudga kelgan tarixiy markazlaridan biri

Xitoy azal azaldan uzoq sharqning ilk sivilizatsiya vujudga kelgan tarixiy markazlaridan biri hisoblanadi. Ipak va choy kabi mahsulotlardan tashqari ko‘plab ixtirolar, xususan, seysmograf, kompas, qog‘oz va porox aynan Xitoyda yaratilgan.

Ma'lumot uchun, Xitoy ichki hududiy bo‘linishiga ko‘ra, 23 ta provinsiya, 5 avtonom okrug, 4 ta markazga bo‘ysunuvchi shahar hamda maxsus ma'muriy tumanlardan iborat. Quruqlikda 14 ta davlat bilan chegaradosh.

Viza olish talablari

Xitoy qonunchiligiga binoan chet el fuqarolari mamlakat hududiga kirishi, chiqishi va tranzitni amalga oshirishi uchun vizaga ega bo‘lishi shart. Mazkur vizalarni berish, ularning amal qilish muddatlari, tashrif vaqti uzunligi, shuningdek, vizani bekor qilish, viza berishni rad etilishiga aloqador masalalar bilan Xitoy elchixonalari va konsulliklardagi vakolatli shaxslar shug‘ullanadi. 

Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi rasmiy sayti bergan ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yil 7 dekabrdan e'tiboran, elchixona tomonidan Xitoy vizasi berilishi uchun arizachidan uning biometrik ma'lumotlari (biometrik surat va barmoq izlari) olinadi.

Quyidagi shaxslardan biometrik ma'lumotlar so‘ralmaydi:

1. 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar hamda 70 yoshdan oshgan shaxslar;

2. So‘nggi 5 yil ichida biometrik ma'lumotlar topshirgan va amaldagi pasportida Xitoy vizasi mavjud shaxslar;

3. Daktiloskopiya (shaxsdan barmoq izi olish hamda bu orqali shaxsini aniqlash) qilishga xalal beruvchi barmoqlarida nuqsoni yoki jarohati bor shaxslar.

Xitoy vizasi olish jarayonini osonlashtirish maqsadida, XXRning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi tomonidan viza olish uchun onlayn hujjatlar taqdim etish hamda viza anketasi onlayn to‘ldirish imkoniyatlari yaratilgan.

Talab qilinadigan hujjatlar

Barcha viza talabgorlariga:

1.Maxsus onlayn-anketani elektron shaklda to‘ldirishi va nashr qilingan shakli;

2. Viza beruvchi mas'ul shaxs qabuliga elektron shaklda yozilishi shart;

Shuningdek, belgilangan kunda arizachilar o‘zlari bilan:

1. Xorijga chiqish pasporti (mahalliy pasport ham yonida bo‘lishi zarur);

2. Tegishli bankdan hisobraqamida mablag‘ mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma (safar mobaynidagi xarajatlar kuniga o‘rtacha 100 AQSh dollari hisobida);

3. Borish kelish bileti nusxalari;

4. Mehmonxona bron qilinganligi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma;

5. 2 dona biometrik rangli fotosurat (33x48, orqa fon oq rangda);

6. Tibbiy sug‘urta polisi kabi hujjatlar bilan konsullik binosiga kelishlari lozim.

E'tibor bering! Elchixona tomonidan qo‘shimchi hujjatlar so‘ralishi ham mumkin.

Viza turlari

Xitoy vizalarining asosiy qismi amal qilish muddati 30 kundan 180 kungacha bo‘lib, diplomatik viza, xizmat vizasi, faxriy viza hamda oddiy viza turlariga bo‘linadi.

Oddiy vizalar:

  • Turistik viza (L);
  • Biznes vizasi (F);
  • Ta'lim vizasi (X);
  • -Mehnat vizasi (Z);
  • Jurnalistik viza (J);
  • Tranzit vizasi (G);

Doimiy yashash uchun (D) hamda boshqa turlariga bo‘linadi.

Viza amal qilish muddati, kirishlar soni, mamlakatda qolish muddatlari mazkur vizaning ahamiyatli qismlari sanaladi. Viza muddati tugagan taqdirda yangi viza rasmiylashtirish zarur. Agarda xorijlik fuqaro Xitoy davlatida ekanligida viza muddati tugagan bo‘lsa, vizani uzaytirish masalasida mahalliy hukumat organlariga murojaat qilishi kerak. Biroq, arizaga rad javobi berilganida viza egasiga jarima solinishi mumkin.

 

Arizachi tomonidan taqdim etilishi so‘ralgan surat uchun elchixona talablari

 Xitoy davlatida deyarli barcha davlatlar uchun viza tartibi mavjud, biroq, Xitoy orqali tranzit parvozini amalga oshirayotgan istalgan xorijlik fuqaro, agarda u aeroport binosidan chiqmasdan, 24 soat ichida boshqa davlatga parvoz qilsa Xitoy vizasini olmasligi mumkin.

Shuningdek, agar fuqaroda Xitoyda vaqtinchalik yoki doimiy yashash huquqini beruvchi ruxsatnoma mavjud bo‘lsa, uning viza olishi talab etilmaydi.

Bundan tashqari, Xitoyning ko‘plab davlatlar bilan ikki tomonlama shartnomalari mavjud. Aynan mana shu shartnomalar asosida shartnoma tuzilgan davlat fuqarolariga Xitoyga vizasiz kirish imtiyozlari berilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda to‘liq ma'lumotlarni XXR elchixonasi yoki konsulliklarining rasmiy saytlari orqali olish mumkin.

Qo‘shimcha ma'lumot uchun

Tibetga tashrif buyurish uchun oddiy turist vizasi yetarli, ammo qo‘shimcha hujjat, ya'ni Tibet avtonom okrugi Turistik Byurosi rasmiy ruxsatnomasini olish talab etiladi. Mazkur ruxsatnomasiz Tibetga boruvchi samolyot, avtobus, poyezdga bilet sotib ola olmaysiz, agarda o‘zboshimchalik bilan avtomobil orqali yo‘l olsangiz, istalgan blokpostda sizni hibsga olishlari mumkin. Tibetga rasmiy ravishda yuqoridagi byuro tashkil etadigan turlarga guruh bo‘lib (kamida 5 kishi) sayohat qilish huquqini sotib olsangiz bo‘ladi. Bunday tur uchun ruxsatnomani Tibet avtonom okrugi Turistik Byurosining Pekin, Chendu, Sian, Shanxay, Sinin, Syangan shaharlaridagi filiallarida, shuningdek, Yaponiya hamda AQShdagi vakolatxonalarida sotib olish imkoni bor.

Asliddin Annayev

UzbekLife kolumnisti

Top