22:05 / 28.06.2021
26890

Istanbul kanali: Erdo‘g‘an «orzu», muxolifat esa «jinoyat» deb atayotgan loyiha haqida nimalar ma'lum?

Ilk bor 2011 yilda kun tartibiga kiritilgan Istanbul kanali loyihasi rejalashtirilgan marshrutda joylashuvchi ko‘prikning poydevori 26 iyun kuni qo‘yildi.

 Istanbul kanali o‘tadigan yo‘nalish

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an «aql bovar qilmas» va «mening orzum» deb ta'riflagan Istanbul kanali keskin bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Hukumat ushbu loyihani «respublika tarixidagi eng muhim loyihalardan biri» deb ta'kidlamoqda, muxolifat esa «jinoyat va xiyonat» deb ta'riflamoqda.

Shanba kuni o‘tkazilgan marosim bilan Shimoliy Marmar avtomagistrali loyihasining Bashakshehir-Bahcheshehir-Naqqosh qismi qurilishi doirasida Sazlidara o‘tish yo‘li uchun quriladigan va Istanbul kanali ostidan o‘tishi kutilayotgan ko‘prikning poydevori qo‘yildi.

Bu tadbir Istanbul kanali loyihasining poydevorini qo‘yish marosimi deb aytildi.

Ta'kidlash joizki, Istanbul kanali loyihasini moliyalashtirish va tender jarayoni bo‘yicha noaniqlik saqlanib qolmoqda. Loyihalashdan keyingi qurilish qiymati 15 milliard dollar deb hisoblangan ushbu loyiha taxminan olti yil davom etishi mumkin. Shuningdek, kanalning ustiga quriladigan oltita ko‘prik 1,4 milliard dollarga tushishi taxmin qilinmoqda.

Poydevori qo‘yilgan bino haqida nima ma'lum?

Istanbul kanalining o‘tish yo‘lida quriladigan ilk ko‘prik poydevorining qo‘yilishi mazkur loyihaning tamali ekanligi e'lon qilindi.

Ko‘prikning kengligi 46 metr, eng baland nuqtasi esa 196 metrni tashkil qiladi.

Onado‘li agentligi tomonidan e'lon qilingan xaritalarda Istanbul kanali ham ushbu ko‘prik ostidan o‘tishi aks etgan.

Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi 2020 yil iyul oyida ushbu ulanish yo‘li loyihasi bo‘yicha tanlovni yakunladi.

O‘sha paytda nashr qilingan xabarlarda Renessans Group tomonidan yutib olingan tenderning qiymati 8 milliard lirani tashkil etgani ma'lum qilingandi.

Loyiha yakunlanib, foydalanishga topshirilgandan so‘ng, undan foydalanadigan transport vositalaridan yo‘l haqi olinishi ko‘zda tutilmoqda.

Payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Istanbul shahri meri Ikrom Imomo‘g‘li poydevor qo‘yish marosimini «illyuziya» deb ta'rifladi.

«Ancha oldin rejalashtirilgan ko‘prikning oyoqlarini qo‘yish orqali «Men kanal poydevorini qo‘ydim» deyish, bu faqat siyosiy jihatdan kunni qutqarish uchun qilingan harakatdir», dedi Ikrom Imomo‘g‘li.

Loyiha nima uchun amalga oshirilmoqda?

2011 yil 27 aprelda o‘sha paytdagi bosh vazir Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbulda bo‘lib o‘tgan anjumanda Istanbul kanali loyihasini jamoatchilikka e'lon qiladi.

«Bugun biz hatto Panama kanali, Suvaysh kanali va Gretsiyadagi Korinf kanali bilan taqqoslab bo‘lmaydigan asrning eng yirik loyihalaridan biriga hozirlanyapmiz», deydi loyihani tanishtirar ekan Erdo‘g‘an. Prezidentning ta'kidlashicha, loyiha to‘liq milliy manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Erdo‘g‘an o‘z nutqida «dunyodagi eng katta kemalar ham kanal orqali o‘tishi mumkinligi, kanal uzra quriladigan ko‘priklar tufayli avtomobil va temir yo‘l transporti uzilib qolmasligi va uchinchi ko‘prikning ulanish yo‘llari ushbu kanaldan o‘tishi»ni ta'kidladi. 

Erdo‘g‘an, shuningdek, Istanbul bo‘g‘ozidagi tirbandlik kamayishi va loyiha tufayli undagi xavf minimallashtirilishini malum qildi.

Istanbul kanali yo‘nalishi qanday?

Matbuotda «aql bovar qilmas» deb ta'riflangan loyiha orqali Qora dengiz va Marmar dengizi o‘rtasida sun'iy suv yo‘lini ochish ko‘zda tutilgan.

Loyihalashtirilgan kanalning uzunligi 40 kilometr, kengligi 150 metr va chuqurligi esa 25 metr bo‘ladi.

Agar loyiha amalga oshirilsa, Istanbul bo‘g‘ozi kanal bilan birga tankerlar harakati uchun to‘liq yopiladi. Istanbulda ikkita yangi yarimorol va yangi orol paydo bo‘ladi.

Istanbul kanali atrofida barpo etiladigan yangi turar joylar maydoni 453 million kvadrat metrni tashkil qiladi.

«Yangi shahar» deb nomlangan ushbu mintaqada Istanbul kanali paydo qiladigan 30 million kvadrat metrdan boshqa yerlar quyidagicha taqsimlanadi:

  • 78 million kvadrat metr maydonda aeroport;
  • 33 million kvadrat metr maydonda Ispartakule va Bahcheshehir;
  • 108 million kvadrat metr yo‘llar;
  • 167 million kvadrat metrdan ortiq rayonlashtirilgan uchastkalar;
  • 37 million kvadrat metr maydonda yashil maydonlar.

Loyiha nima uchun tanqid qilinmoqda?

Muxolifat partiyalari, Istanbul rasmiylari, atrof-muhitni muhofaza qilish tashkilotlari va ko‘plab nodavlat tashkilotlar ushbu loyihaga qarshi chiqmoqda.

Mutaxassislar ushbu loyiha Istanbulning tabiiy tuzilishiga o‘nglab bo‘lmas darajada zarar yetkazishi mumkinligini va bu «ijara loyiha» ekanligini ta'kidlashmoqda.

Istanbul meri Imomo‘g‘li Istanbul kanalini «jinoyat loyihasi» deb ta'riflamoqda.

«Ushbu dahshatli loyiha bilan mamlakatning zilzila xavfi yuqori bo‘lgan mintaqasiga 8 million kishi «qamaladi». Zilzila paytida bunday yuqori sonli aholini ko‘chira oladigan biror davlat yo‘q dunyoda», degandi Imomo‘g‘li 2019 yil dekabr oyida bergan bayonotida.

Imomo‘g‘lining aytishicha, loyiha hozircha taxminan 75 milliard dollarga tushadi, uning o‘rniga mamlakatda bir necha diqqatga sazovor markazlar yaratilishi mumkin.

«Qisqasi, bu loyiha hatto Istanbulga xiyonat qilish loyihasi ham emas. Bu rasmiy ravishda jinoyat loyihasidir. Bu Istanbul uchun keraksiz bir falokat loyihasidir. Ushbu loyiha bitganda, Istanbul ham ado bo‘lgan bo‘ladi», deydi Imomo‘g‘li.

Istanbul rasmiylari anchadan buyon «Yo kanal, yo Istanbul» shiori ostida loyiha qurilishining oldini olishga qaratilgan keng qamrovli kampaniya olib bormoqda.

Istanbul kanali tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar to‘g‘risida eng batafsil hisobotlardan birini tayyorlagan Turkiya muhandislari va me'morlari birlashmasi (TMMOB) ham loyiha «Istanbulning eng muhim suv manbalaridan biri bo‘lgan Sazlidarani yo‘q qiladi» degan asos bilan loyihaga qarshi chiqmoqda.

Noyabr oyida Javohir Efe Oqchelik TMMOB Istanbul viloyat muvofiqlashtiruvchi kengashi nomidan ushbu mavzuda bayonot bergandi.

«Bugun Istanbul ichimlik suvining 70 foizini boshqa viloyatlar hisobiga qondirishga majbur bo‘layotgan, prezident Erdo‘g‘an ta'biri bilan aytganda, «suvsizlik sari ketayotgan» bir shahardir. Mana shunday bir paytda mavjud suv zaxiralarimizni  yo‘q qilish mumkin emas. Shimoliy o‘rmonlarni, yaylovlarni, qishloq xo‘jaligi maydonlarini va barcha hassos ekotizimlarni yo‘q qiluvchi ushbu loyihani himoya qilib bo‘lmaydi», dedi u.

Oqchelik mazkur loyiha Turkiya Konstitutsiyasining 56-moddasiga zid ekanligini ham ta'kidladi.

Turkiya Konstitutsiyasining 56-moddasida «Har bir inson sog‘lom va muvozanatli muhitda yashash huquqiga ega. Atrof-muhitni rivojlantirish, atrof-muhit salomatligini muhofaza qilish va atrof-muhit ifloslanishining oldini olish davlat va fuqarolarning burchidir» deb ta'kidlanadi.

TMMOB, shuningdek, Istanbul kanali loyihasi «uchta faol yoriq chiziq o‘tgan hududga aholi va qurilish bosimini o‘tkazishi natijasida falokat xavfini oshiradi», deb ta'kidlamoqda.

Top