12:51 / 29.06.2021
27167

«Allamjonov aybdor» - Komil Allamjonovning shov-shuv ko‘targan kitobi nashrdan chiqdi

Muallifga ko‘ra, kitob – “signalizatsiyani emas, yong‘inni o‘chirish kerakligi” haqida.

O‘zbekistonda prezidentning sobiq matbuot kotibi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonovning «Allamjonov aybdor» kitobi nashrdan chiqdi.

Kitobda hamma narsa haqida ochiqchasiga yozilgan. Ko‘pgina xotiralar Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Prezident devoni matbuot xizmatlaridagi ishga bag‘ishlangan.

Shuningdek, Matbuot va axborot agentligi qanday qilib o‘zgartirilgani, biznes qanday yo‘lga qo‘yilgani, nega ba'zi loyihalar muvaffaqiyatsiz yakun topgani haqida batafsil hikoya qilingan.

“Men bu kitobda hali uncha uzun bo‘lmagan umr yo‘limnigina emas, qarashlarimni ham aks ettirishga harakat qildim. Hayotdan hafsalasi pir bo‘lib, o‘ziga ishonchini yo‘qotish katta xato ekanini va u qimmatga tushishini aytmoqchi bo‘ldim. Kitob bugun o‘z yo‘li, o‘z o‘rnini topishga intilayotgan yoshlarga atab yozildi. Bu dunyoda hamma narsa sotiladi, tanish-bilishsiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi, degan safsatalarni yo‘qqa chiqarishga urindim. Ushbu kitob o‘ziga ishonchi yetishmayotganlarga turtki-motivator, oldiga ulkan maqsad va g‘oyalarni qo‘yganlarga dalda, bilim olishga sharoitim yo‘q, deydiganlarga mustaqil o‘qish uchun qo‘llanma”, deydi uning o‘zi.

Bildirilishicha, taqdim etilgan ushbu kitobda Komil Allamjonov haqidagi hamma savolga javob bor.

Ma'lumotlarga ko‘ra, ikki kun ichida 2143 dona kitob o‘quvchilarga tarqatilgan.

“Zakovat” intellektual klubi a'zolariga kitob bepul taqdim etiladi. Boshqalar esa uni respublikadagi barcha kitob do‘konlaridan yoki quyidagi havola orqali internet-do‘konlardan xarid qilishlari mumkin.

Mavzuga oid
Top