19:27 / 29.06.2021
4599

Iroq energetika vaziri mamlakat elektr ta'minotidagi uzilishlardan so‘ng iste'foga chiqdi

Vazirlik rasmiy vakili Ahmad Musa vazirning iste'foga chiqish uchun ariza berganini tasdiqladi, ammo boshqa tafsilotlarni ma'lum qilmadi.

Iroq elektr energetikasi vaziri Majid Mahdi Hantush jazirama ob-havo sharoitida mamlakat elektr ta'minotidagi muntazam uzilishlardan so‘ng hukumat rahbariga iste'foga chiqish to‘g‘risida ariza yozdi. Bu haqda INA agentligi xabar berdi.

Vazirlik rasmiy vakili Ahmad Musa vazirning iste'foga chiqish uchun ariza berganini tasdiqladi, ammo boshqa tafsilotlarni ma'lum qilmadi.

Mavazin News portalining xabariga ko‘ra, seshanba kuni Basra, Di-Kar, Maysan va Al-Mutanna viloyatlarida harorat 50 darajaga yetganidan so‘ng elektr ta'minotida yana uzilishlar sodir bo‘lgan.

O‘tgan haftada texnik nuqson sababli elektr nimstansiyasining ishdan chiqishi oqibatida ushbu hududlarda elektr ta'minotida uzilishlar bo‘lgandi.

Elektr energetikasi vazirini iste'foga chiqarish bo‘yicha kampaniya ikki kun avval shialar imomi Muqtado as-Sadr harakati faollari tomonidan boshlangandi.

Elektr yetishmovchiligi bo‘lib turgan bir paytda dushanba kuni Bag‘dod sharqidagi yuqori kuchlanishli liniyalar ishdan chiqdi. Noma'lum shaxslar Bani-Saad shahridagi elektr uzatish liniyalari ustunlarini portlatib yubordi. Undan bir necha soat avval esa Samarra shahridagi issiqlik elektr stansiyasiga raketa zarbasi berilgandi.

Top