21:19 / 07.07.2021
43203

Jismoniy shaxslar YaTT sifatida taksichilik qilganda qancha soliq to‘laydi?

Yengil avtomobilda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi YaTTlar 2021 yilda oyiga 150 ming so‘m soliq to‘laydi. Shuningdek, litsenziya varaqasi uchun yiliga 245 ming so‘m davlat boji undiriladi, deb ma'lum qildi DSQ rasmiy vakili.

O‘zbekistonda 2021 yil 15 maydan boshlab jismoniy shaxslarga taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha ayrim yengilliklar berilgan edi.

Davlat soliq qo‘mitasi matbuot kotibi Muzaffar Nazarovning so‘zlariga ko‘ra, bunda jismoniy shaxslar “Yengil avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni tashish” faoliyati bilan yakka tartibdagi tadbirkor (YaTT) sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishi lozim.

2021 yil 1 sentyabrgacha YaTT sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganlik uchun davlat boji undirilmaydi.

Shu bilan birga, jismoniy shaxslar taksichilik qilishi uchun litsenziya varaqasi ham olishlariga to‘g‘ri keladi.

“Mazkur faoliyat bilan shug‘ullanuvchi YaTTlar respublika hududida faoliyatini olib borish joyidan qat'i nazar, 2021 yil uchun har oylik 150 ming so‘m miqdorida qat'iy va belgilangan miqdordagi ijtimoiy soliqni to‘laydi.

Shuningdek, berilgan litsenziya varaqasi bo‘yicha bir yilga 245 ming so‘m miqdorida davlat boji undiriladi”, – dedi Soliq qo‘mitasi rasmiysi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, YaTT sifatida taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar mashinalarini sariq rangga bo‘yashlari shart emas, faqatgina avtotransport vositasining tepasiga “TAXI” belgisini o‘rnatish talab etiladi.

Shuningdek, YaTT-taksichilarda taksoparklarga a'zo bo‘lish majburiyati yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi tartib prezident qarori bilan eksperiment tariqasida, 2022 yil 31 dekabrgacha muddatga joriy qilingan.

Qaror bilan, taksi avtomobillari uchun yangi talablar tasdiqlangan.

Top