12:08 / 07.07.2021
8064

MTRK tizimida «Hidoyat sari» ilmiy-ma'rifiy onlayn telekanali tashkil etildi

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining OTT platformasida (Over the Top) yoshlarning madaniy-ma'rifiy, diniy bilimlarini oshirish maqsadida "Hidoyat sari" ilmiy-ma'rifiy virtual (onlayn) telekanali tashkil etildi. Bu haqda MTRK raisi Alisher Xo‘jayev o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, "Hidoyat sari" ilmiy-ma'rifiy virtual (onlayn) telekanalida O‘zbekiston MTRK tizimida ishlab chiqilgan va o‘rnatilgan tartibda tegishli ilmiy, diniy ekspertizalardan o‘tkazilgan, avval efirga uzatilib, bugungi kunda MTRK Arxiv fondida saqlanayotgan telemahsulotlar namoyish etiladi.

“MTRK arxiv fondida diniy ilmiy ekspertizadan o‘tgan, turli talqinga o‘rin bermaydigan darajada ishonchli ma'lumotlarga asoslangan diniy-tasavvufiy, ilmiy-ma'rifiy, islomshunoslik va tarix, ajdodlar merosi kabi turkum teledasturlar, allomalar haqida hujjatli filmlar, ulamo va imom-xatiblarimizning ma'rifiy suhbatlari, shuningdek, hadis-u rivoyatlar asosida tayyorlangan maxsus filmlar, telenovella va ijtimoiy teleroliklarning son jihatdan salmoqli bazasi mavjud,” – deb yozadi Alisher Xo‘jayev.

Kun.uz bilan suhbatlashgan Milliy teleradiokompaniya rasmiysiga ko‘ra, hozircha kanal faqat onlayn tartibda ish olib boradi. Uni keyinchalik oflayn, ya'ni alohida telekanal sifatida olib chiqish bo‘yicha aniq ma'lumotlar yo‘q.

"Hidoyat sari" ilmiy-ma'rifiy onlayn telekanalini ushbu havola orqali tomosha qilish mumkin. 

Mavzuga oid
Top