00:39 / 09.07.2021
4648

Qatar 12 iyuldan turistik vizalar berishni boshlaydi

Foto: Reuters

Qatar koronavirus pandemiyasi sababli 2020 yilda berilishi to‘xtatib qo‘yilgan oilaviy va turistik vizalarni 12 iyuldan yana berishni boshlaydi. Bu haqda amirlikning Twitter’dagi sahifasida ma'lum qilingan.

8 iyulda Qatar sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatga kirishning yangi qoidalarini e'lon qildi. Ularga ko‘ra, Qatarga keluvchilar emlanmagan bo‘lsalar, kelayotgan davlatlarida amirlik sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ma'qullangan klinikada PsR-test topshirishlari kerak bo‘ladi. Test Qatarga kelishdan oldin 72 soat ichida topshirilgan bo‘lishi lozim. Amirlikka kelgandan keyin karantin choralariga amal qilish zarur bo‘ladi. 

Qatarda qo‘llanishiga ruxsat berilgan vaksina bilan emlanganlarga mamlakatga kirishga ruxsat beriladi. Ayni vaqtda Qatarda Pfizer va BioNTech hamda Moderna vaksinalari qo‘llanmoqda.

Bundan tashqari, amirlik fuqarolari va rezidentlari hamda xorijliklar Qatarga kelish oldidan www.ehteraz.gov.qa saytidagi ro‘yxatdan o‘tish varaqasini to‘ldirishlari kerak bo‘ladi.

Qatarda oilaviy va turistik vizalar berilishi koronavirus tarqalishi ortida 2020 yil martida to‘xtatib qo‘yilgandi.

Amirlikda aholini 2020 yil dekabridan boshlab koronavirusga qarshi emlash boshlangan va hozirda jadal sur'atlar bilan olib borilmoqda. Aholining emlash bilan qamrab olingani bo‘yicha amirlik dunyodagi eng yuqori o‘rinlardan birini egallamoqda. 

Top