17:52 / 09.07.2021
1873

Samarqandda iste'molchilardan oshiqcha mablag‘ undirib, o‘zlashtirib yuborgan gaz idorasi xodimlariga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Samarqand tumanida suyultirilgan gaz ballonlarni tarqatish chog‘ida iste'molchilardan 252,9 million so‘mni oshiqcha undirib, o‘zlashtirib yuborgan gaz idorasi xodimlariga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Samarqand tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «Samarqandtumangaz» gaz ta'minoti bo‘limi moddiy javobgar shaxslari iste'molchilarga 32 830 dona maishiy gaz ballonlarni yetkazib berishda ularni o‘rnatib berish xizmati ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, har bir gaz ballon uchun 3 000 so‘mdan xizmat haqi qo‘shib yozgani aniqlangan.

Ular bir dona suyultirilgan gaz balloni uchun belgilangan 22,4 ming so‘m o‘rniga 26 ming so‘mgacha ortiqcha undirib, fuqarolarning jami 252,9 million so‘m pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top