20:55 / 10.07.2021
16471

Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Qrim qaytarib olinganidan so‘ng u yerdagi rossiyaliklar chiqarib yuborilishi mumkinligini aytdi

Reznikov Qrimga kelib qolgan rossiyaliklar sonini 500 ming kishi deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hukumati Rossiya fuqarolarini yarimorolga maqsadli ravishda olib kelmoqda, natijada mahalliy aholi siquvga duch kelmoqda.

Ukraina hukumati Qrim ustidan nazorat o‘rnatilganidan so‘ng voqealar rivojining turli variantlarini, jumladan, yarimoroldan 500 ming nafar rossiyalikni chiqarib yuborishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Reznikov «Ukraina 24» telekanaliga bergan intervyusida aytdi.

«Bizda deportatsiya qilishgacha bo‘lgan turli nuqtayi nazarlar mavjud. Men «chiqarib yuborish» deb ataluvchi yuridik protsedura tarafdoriman», — dedi u.

Reznikov Qrimga kelib qolgan rossiyaliklar sonini 500 ming kishi deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hukumati Rossiya fuqarolarini yarimorolga maqsadli ravishda olib kelmoqda, natijada mahalliy aholi siquvga duch kelmoqda.

«Bu harbiy jinoyat, buning uchun javobgarlik masalasi ham bo‘ladi», — deb ta'kidladi u.

Reznikovning aytishicha, mamlakat hukumati yarimorolga Ukrainaning Chongar, Kalanchak va Chaplinka chegara punktlari orqali kelmaganlarni Qrimga noqonuniy kelgan deb hisoblaydi.

Qrim 2014 yilda o‘tkazilgan referendum natijasida Rossiya tarkibiga qo‘shib olingandi. Ukraina va G‘arb mamlakatlari buni anneksiya deb hisoblaydi, Rossiya esa ovoz berish jarayoni qonuniy bo‘lganini ta'kidlab keladi.

Top