15:05 / 11.07.2021
5633

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi to‘liq emlanganlar soni 900 mingdan oshdi

O‘zbekistonda 10 iyul kuni 114 061 doza COVID-19’ga qarshi vaksina qo‘llandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, shundan 86 772 dozasi birinchi bosqichda, 14 178 dozasi ikkinchi bosqichda hamda 13111 dozasi uchinchi bosqichda qo‘llangan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Hozirgi kungacha O‘zbekistonda koronavirusga qarshi jami 4 857 947 doza vaksinadan foydalanilgan, ularning 1 419 252 dozasi ikkinchi va 486 901 dozasi uchinchi bosqichda qo‘llanilgan. Shunga ko‘ra, mamlakatda jami emlanganlar soni 2 951 794 kishini tashkil etmoqda.

To‘liq emlangan fuqarolar soni esa 902 593 nafarni tashkil qilmoqda.

10 iyul kunidagi emlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni:

  • Farg‘ona viloyati (21180 doza),
  • Namangan viloyati (16813 doza),
  • Samarqand viloyati (13520 doza) band qildi.

Jami emlashlar bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlar:

  • Namangan viloyatida (609 058 doza),
  • Farg‘ona viloyatida (604 819 doza),
  • Andijon viloyatida (556 693 doza).

Epidemiologik vaziyat yomonlashuvi munosabati bilan 25 iyun kuni Toshkentda 18 yoshdan oshgan barcha aholi guruhlariga ixtiyoriy koronavirusga qarshi emlash boshlandi. Bozorlar, supermarketlar, mahallalar va aholi gavjum boshqa joylarda 46 ta emlash punkti ochilgandi. Shunga qaramay, mamlakatda ommaviy vaksinatsiya jarayoni sust kechmoqda.

8 iyul kuni SSV O‘zbekistonda aholining 2,5 foizigina koronavirusga qarshi to‘liq emlangani (850 mingdan oshiq kishi) haqida xabar bergandi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov epidemik vaziyat barqarorligi uchun aholining vaksina olishdagi mas'uliyatini oshirish lozimligini qayd etgandi.

«Bugun dunyoning juda ko‘p mamlakatlari o‘z aholisi uchun vaksina olishga qurbi yetayotgani yo‘q. Ba'zi davlatlar vaksina olishni emas, eng avvalo, iqtisodiyotini qutqarib qolishni o‘ylamoqda.

Afsuski, yurtimizda aholining koronavirusga qarshi emlanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan bo‘lsa-da, o‘tgan 3 oydan ortiq vaqt davomida xalqimizning vaksina jarayonlaridagi faolligi, shijoati va tashabbuskorligi sezilmadi. 

Hatto, xavf guruhiga kiruvchi 65 yoshdan yuqori bo‘lgan aholi vakillari ham bu jarayonlarda sust ishtirok etayotgani mutaxassis sifatida meni hayron qoldirdi.

Ajablanarlisi shuki, o‘tgan uch oydan ko‘proq vaqt mobaynida respublika bo‘yicha 4 million 300 ming doza vaksina ishlatilgan bo‘lsa-da, to‘liq (ikki va uch bosqichli) emlash kursini olgan aholimiz soni 850 ming nafardan ozgina ortdi. Bu degani endigina respublikamiz aholisining shuncha qismini to‘liq emladik va aniqroq aytsak, ularda emlashdan keyingi immunitetni shakllantirishga erishdik, xolos.

Aslida xalqimiz ongida hukumat hamma xarajatni o‘z zimmasiga oladi, desa davlat bundan qandaydir manfaatdor, degan g‘alati fikr shakllanib qolgan. Vaholanki, bu sa'y-harakatlar, eng avvalo, aholi salomatligi yo‘lida amalga oshirilmoqda. Qolaversa, bu orqali davlatimiz epidemik barqarorlikni ta'minlagan holda xalqimizga iqtisodiy manfaatni nazarda tutmoqda.

Biroq buni hamma ham birdek tushunayotgani, to‘g‘ri anglayotgani yo‘q. Aksincha ayrimlar ijtimoiy tarmoqlar orqali emlash to‘g‘risida turli asossiz fikrlar tarqatishga, odamlar ongida vaksina haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otishga urinmoqda. 

Ba'zi fuqarolar esa noto‘g‘ri fikrlarga ishonib, o‘zi va yaqinlarini vaksina olishdan to‘smoqda. Eng yomoni, ular bu bilan kasallikning aholi orasida yanada keng tarqalishiga zamin yaratmoqda.

Shu bois, mening nazarimda mamlakatimizda ommaviy emlashni majburiy qilsak, yurtdoshlarimizning vaksina olishga bo‘lgan mas'uliyati yanada ortadi, unga munosabati o‘zgaradi.

Afsuski, bugun mamlakatimizdagi mavjud emlash punktlarida bir kunda 130-140 ming nafar fuqaro COVID-19ga qarshi emlanmoqda. Bu raqam juda kam. Chunki, har bir emlash punktlari va brigadalari bir kunda 70 nafar odamni emlash imkoniyati bo‘lgan bir paytda, biz uning teng yarim imkoniyatidan foydalanyapmiz. 

Zero, aholining 60-70 foizida jamoaviy immunitetni shakllantirmasdan turib, biz bu kasallikni yenga olmaymiz. Shunday ekan, jamoaviy immunitetni shakllantirish uchun emlanishi lozim bo‘lgan aholi qatlamini koronavirusga qarshi vaksina bilan to‘liq qamrab olish zarur», degandi u.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top