16:38 / 12.07.2021
7456

Armoni ushalgan Messi, ulg‘aygan Neymar, Perudagi italyan. Amerika Kubogining 7 qahramoni

11 iyul sanasi sport dunyosi uchun juda ham muhim hamda tarixiy kun bo‘ldi. Shu kuni Amerika kubogi va Yevro-2020 finali o‘tkazildi. Dastlabkisi ashaddiy muxlislar uchun ancha ta'sirli ko‘rinish oldi. Uzoq yillar amalga oshirgan samarali mehnatiga qaramay, milliy jamoa bilan birorta titulga erisha olmagan Leo Messi Kopa Amerika finalida g‘olib bo‘ldi.

Final hushtagi chalingach, argentinalik forvard ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Unga qo‘shilib barcha jamoadoshlari, argentinaliklar va Messining jonkuyar muxlislari ham quvonch ko‘z yoshlarini to‘kkan bo‘lsa, ajabmas. Amerika Kubogi yulduzlari, qahramonlari jamoalarini oldinga boshlashdi. Ularni alohida e'tirof etishni lozim topdik.

Lionel Messi - 4ta gol, 5ta assist

Umuman, barchasi Messi bu gal jamoasini chempion qilishi tomon borayotgandi. Finalda Tite Kazemiro va yana bir himoyachini navbatchi sifatida Messiga bog‘lab qo‘ydi. Leo ikki futbolchining doimiy ta'qibi ostida u qadar erkin harakat qila olmadi. Biroq o‘yin yakunlanishi arafasida uni zararsizlantirishni ham unutishdi.

Qit'a birinchiligining eng sermahsul futbolchisi bo‘lgan Messi aktivlar soni bo‘yicha eng yaqin ta'qibchisini ham deyarli ikki barobarga ortda qoldirdi. Aslini olganda, Messining qahramonligi gollar yoki assistlar bilan o‘lchanadigan jihat emas. U bu galgi musobaqada haqiqiy yetakchi sifatida namoyon bo‘ldi. Kolumbiyaga qarshi penaltilar seriyasida sardor sifatida butun jamoani ruhlantirib turdi. Chili bilan guruh bosqichi o‘yinida jarimadan juda chiroyli gol urdi. Urugvayning yengilishiga sababchi golga hammuallif bo‘ldi. Finalda jamoadoshlari ko‘proq zonalarga ega bo‘lishi uchun katta ko‘lamdagi ishni bajardi. Kopa Amerikadagi harakatlari orqali «Oltin to‘p» uchun asosiy da'vogarlardan biriga aylanib oldi. Yettinchi «Oltin to‘p» - fantastika!

Neymar - 2ta gol, 3ta assist

Neymar ulg‘aymoqda. Ha, bu jarayon avvalroq amalga oshganida u Ronaldino erishgan darajaga, yutuqlarga ega bo‘lishi mumkin edi. Biroq u o‘zining «erkalik»lari qurboni bo‘ldi. Qaysidir ma'noda, u dunyo yulduziga aylandi va shu bilan to‘xtadi. Jarohatlar uning ko‘p vaqtini olib qo‘ygani rost. Lekin lazaretda bu qadar ko‘p qolib ketishning sababi mashg‘ulotlarda to‘liq ishlamaslik ham bo‘lishi mumkin.

Keling, u davrlarni unutaylik. Bugun braziliyalik «raqqos» ancha mas'uliyatli, jamoasi uchun qayg‘uradigan futbolchiga aylangan. U yakuniy hushtak chalinguncha qo‘lidan kelgan barchasini qildi. Lekin shu kuni futbol Messi oldidagi qarzlarini uzishni maqsad qilgan edi, chog‘i.

Neymar yangi mavsumda katta ehtimol bilan o‘z faoliyatidagi eng samarali yillardan birini o‘tkazadi. «PSJ» jiddiy kuchaymoqda. Endi ular Chempionlar ligasini yutishni istamoqda. Ramos jamoaga yetishmayotgan chempionlik harakteriga ega futbolchi. Neymar o‘zida shakllantirayotgan yetakchilik va jamoaviy sovrinlarga ochlik xislatlari bilan bu yo‘lda parijliklarga yordam berishi kerak.

Emiliano Martines - 4ta «quruq o‘yin»

«Arsenal» voz kechgan kiper londonliklar rahbariyatini uyaltirishda davom etmoqda. Mavsum davomida «Aston Villa» safida juda ishonchli harakat qilgan va eng ko‘p seyvni amalga oshirgan Emiliano milliy jamoa asosiy darvozaboniga aylanib oldi. Kabalero va Romeroning o‘yin amaliyotiga ega emasligi, Armanining yuqori darajaga tortmasligi sababidan juda ko‘p aziyat chekkan «albiselesta» Martines bilan uzoq yillik dardiga davo topdi. Musobaqaning eng yaxshi posboni deb topilgan Emi yangi mavsumni ham birmingemliklar safida boshlarmikan?!

Janluka Lapadula - 3ta gol, bitta assist

Italiyada tug‘ilgan va butun umrini Apennin yarimorolida o‘tkazgan Lapadula Amerika Kubogida onasi tomondan mansub bo‘lgan Peru davlati uchun ishtirok etishga qaror qildi. 31 yoshli futbolchi milliy jamoada to‘p tepish armon bo‘lib qolmasligi uchun 2020 yildan e'tiboran peruliklar sharafini himoya qilishga rozi bo‘ldi. Bu tanlov o‘zini to‘liq oqlamoqda. Amerika Kubogida yarimfinalgacha yetib borgan Peru tarkibida «Benevento» futbolchisi rosmana porladi. Italiyaning turli klublaridagi harakatlari orqali bizga yaxshi tanish bo‘lgan Janluka ushbu musobaqada o‘z darajasidan yuqoriroq futbol namoyish etgandek.

Amaldagi finalchilar bu gal ham 2019 yilgi natija tasodif emasligini isbotlay oldi. Yarimfinalda «pentakampeonlar» ularni mag‘lub etishga juda qiynaldi. Uchinchi o‘rin uchun bellashuv ham Kolumbiya milliy jamoasi uchun o‘ta og‘ir kechdi.

Anxel Di Mariya - bitta gol, bitta assist

Argentinaga muhim o‘yinlarda gol juda zarur bo‘lgan paytda Di Mariya katta sahnaga chiqadi. Anxel de Paul uzatgan to‘pga o‘z vaqtida ochilib bordi va darvozabon ustidan ohista va aniqlik bilan to‘pni tashlab qo‘ydi.

Di Mariya – argentinaliklar safida uzoq yillar Messiga hamdard bo‘lib, titul yutishni kutib yashagan futbolchi edi. Final qahramonini turnir qahramonlari qatorida e'tirof etishga to‘liq haqlimiz, nazarimda. «Marakana»da Braziliyaga gol urish oson ish emas, axir.

Luish Dias - 4ta gol

Kolumbiya milliy jamoasining pley-offdagi qahramoni tom ma'nodagi kashfiyot bo‘ldi. «Portu» klubi futbolchisini mana endi yaqindan tanib oldik. Endi Chempionlar ligasida ham uning harakatlariga jiddiy e'tibor qaratamiz. Argentina darvozasiga gol urib, o‘yinni penaltilar seriyasiga olib o‘tgan ham aynan Dias edi. Uchinchi o‘rin uchun kurashda Peru darvozasiga dubl yo‘llab, jamoasiga bronza medallarni olib berdi. Messi bilan bir xil miqdorda gol urganiga qaramay, turnir to‘purari bo‘la olmadi. Biroq Amerika Kubogi orqali u o‘zini barchaga tanitib oldi.

Rodrigo de Paul - 1 gol, 1 assist

«Udineze» tarkibida joriy mavsumda o‘ta samarali harakat qilgan Rodrigo A Seriya mavsum yakunida tuzilgan deyarli barcha ramziy jamoalarda markazni egalladi. Darhaqiqat, 27 yoshli futbolchi yarimhimoya markazining g‘oyat ishonchli vakiliga aylanib bormoqda. Amerika Kubogi boshlanmasidan avval ham unga bir qator grand klublar jiddiy qiziqish bildirayotgandi. Endi bu qiziqishlar real taklifga ko‘chsa ajabmas.

Finaldagi gol uchun amalga oshirgan uzatmasi qanchalik mahorat bilan ijro etilganini ko‘rdik. Uchrashuv yakunlanishi arafasida Messini ham o‘ta qulay imkoniyatga chiqarib yubordi. Shunchaki, Leo darvozabonni ham aldab o‘tishni maqsad qilib, xatoga yo‘l qo‘ydi. Shuningdek, Gvido Rodriges va Papu Gomes ham turnirni yuqori saviyada o‘tkazdilar.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Mavzuga oid
Top