15:50 / 13.07.2021
36725

«Tolibon» Turkiyaga ogohlantirish bilan chiqdi

Ta'kidlanishicha, «Afg‘onistonda mamlakat nomidan qat'i nazar, xorij kuchlarining bo‘lishi tajovuz hisoblanadi va ularga nisbatan Afg‘onistonning bir yarim ming nafar ulamosi bergan fatvo asosida munosabatda bo‘linadi».

«Tolibon» harakati Turkiya harbiylarining Afg‘onistonda bo‘lishiga keskin qarshi chiqdi.

«Turkiya rahbarlarining Qo‘shma Shtatlar iltimosi va qaroriga muvofiq mamlakatimizga qarshi tajovuzni davom ettirishini e'lon qilishi bizda nafrat va dushmanlik uyg‘otadi hamda ikki tomonlama munosabatlarga putur yetkazadi», — deyiladi harakat bayonotida.

Toliblar rahbarlarining ta'kidlashicha, «Afg‘onistonda mamlakat nomidan qat'i nazar, xorij kuchlarining bo‘lishi tajovuz hisoblanadi va ularga nisbatan Afg‘onistonning bir yarim ming nafar ulamosi bergan fatvo asosida munosabatda bo‘linadi».

Qayd etilishicha, «Turkiya hukumatining qarori yengiltaklik bilan qo‘yilgan qadam hisoblanadi va millat suvereniteti, diniy xavfsizlik va milliy manfaatlarga ziddir».

«Bunday qaror turk va afg‘on xalqlari orasida muammo va qiyinchiliklar keltirib chiqarishi sababli biz Turkiya hukumatini har ikki mamlakatga zarar yetmasligi uchun bu qarordan voz kechishga chaqiramiz», — deyiladi bayonotda.

«Tolibon»ning ta'kidlashicha, uning siyosati «barcha mamlakatlar bilan o‘zaro hamkorlik asosida eng yaxshi va ijobiy munosabatlarga intilishdan iborat».

«Biz hech kimning ishiga aralashmaymiz va boshqalarga ham bizning ishimizga aralashishga yo‘l qo‘ymaymiz», — deya ta'kidlanadi bayonotda.

Toliblar Turkiya hukumati o‘z qaroridan qaytmaydigan bo‘lsa, Anqara buning «oqibati uchun javobgar» bo‘lishini bildirgan.

May oyi oxirlarida AQSh va Turkiya prezidentlari Jo Bayden va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an NATOning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganidan so‘ng turk harbiylari Kobul aeroporti xavfsizligini ta'minlashi bo‘yicha kelishuvga erishgandi.

Iyun o‘rtalarida Erdo‘g‘an Turkiya AQShning moliyaviy ko‘magida Afg‘onistondagi harbiy kontingentini saqlab qolishga tayyorligini bildirdi.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top