09:38 / 15.07.2021
13953

Zoyir Mirzayev aholi murojaatlariga e'tiborsizlik qilgan bir qancha rahbarlarni ishdan bo‘shatdi

Zoyir Mirzayev aholi murojaatlariga e'tiborsizlik qilgan va soxtakorlikka yo‘l qo‘ygan bir qancha rahbarlarni ishdan bo‘shatgan. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, kecha, 14 iyul kuni Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev rahbarligida mutasaddilarning aholi murojaatlari bilan ishlashi masalasida yig‘ilish o‘tkazilgan. Yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tgan va unda oylab, yillab sarson bo‘lgan fuqarolar «yig‘ilish maydoniga» olib kelingan. Ko‘plab rahbarlarning muomala madaniyati, e'tiborsizligi ularning ko‘z o‘ngida ochib tashlangan.

Qayd etilishicha, viloyat hokimi murojaati faqat qog‘ozda «hal etilgan» fuqarolarga mas'ullar oldida telefon orqali bog‘langan. Ayrim murojaatchilar ishi hal etilganidan xabari ham bo‘lmagan. Bunga sabab, mas'ullar fuqarolar bilan uchrashmasdan, muammolarni yechmasdan murojaatlar qog‘ozda yopib yuborilgan. 

Yig‘ilish davomida murojaatlarga panja ortidan qarayotgan ba'zi rahbarlar vazifasidan ozod etilgan, ayrimlariga hayfsan e'lon qilingan.

Jumladan:

– Yakkabog‘ tumani Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori Oltiyev Bobomurod vazifasidan ozod etilgan (U bir fuqaroning murojaatini 171 kun muddat ichida ham ko‘rib chiqmagani uchun).

– Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Shahrisabz shahar bo‘limi boshlig‘i Ziyoyev Jamshid vazifasidan ozod etilgan (Takroriy murojaatlarga ham javob bermagan, og‘ir sharoitli oilalarga nafaqalar ajratmagani uchun).

– Koson tumani «Elektr tarmoqlari korxonasi» direktori Mirzayev Asror vazifasidan ozod etilgan (Takroriy murojaatlarga ham javob bermagani uchun).

– «Agrobank»ning Chiroqchi tumani filiali boshqaruvchisi Umurzoqov Oybek vazifasidan ozod etilgan (Fuqarolarning kredit so‘rab qilgan murojaatlariga e'tibor qaratmagani uchun).

– «Agrobank»ning Qamashi tumani filiali boshqaruvchisi Normurodov Bahrom vazifasidan ozod etilgan (Fuqarolarning kredit so‘rab qilgan murojaatlariga e'tibor qaratmagani uchun).

– G‘uzor tumani Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori o‘rinbosari Mavjuda Toshpo‘latovaga 3 oylik ish haqi miqdorida jarima. Agar, fuqaroning murojaati 10 ish kunida ijobiy hal etilmasa, vazifasidan ozod etish sharti qo‘yilgan.

– Viloyat Bandlik boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Qurbonov va G‘uzor tumani Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori Sherbek Toshpo‘latovga hayfsan berilgan («Qashqadaryoneft-gazishchi-ta'minot» AJ Sho‘rtan MChJda ishlab ish haqlarini ololmayotgan fuqarolar murojaatini «unutib» qoldirgani uchun).

– Qamashi tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Rustam G‘ofurovga hayfsan berilgan (Tumanda fuqarolar tomonidan tadbirkorlik sohasini rivojlantirish masalasida qilinayotgan murojaatlar ijrosini nazoratga olmaganligi uchun).

Shuningdek, murojaatlarga e'tiborsiz qaragan yana o‘nlab rahbarlarning Respublika boshqarmasiga, joylardagi Xalq qabulxonalarining ayrim rahbarlarini ishda qolish-qolmasligini so‘rab xat yo‘llash taklifi ham kiritilgan.

– Avvallari «otangga, onangga» , degan naql bor edi. Bugun ushbu ro‘yxat ancha cho‘zilib ketdi. Natijada farzandiga o‘quv daftariga deb asrab qo‘ygan pulini ham sarflab tashkilotlar eshigida sarson bo‘lganlar soni ortdi. Bugun ana shu onalarni, opalarni siz rahbarlar bilan yuzlashtirdim, Zora, vijdon uyg‘onsa, qalbida «har bir ayol mening onam, opa-singlim», deb qaralsa», degan Zoyir Mirzayev yig‘ilishda mas'ullarga qarata.

Ta'kidlanishicha, Qashqadaryo viloyati Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida jami 104 002 ta (2020 yilda 62634 ta) murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41 368 taga yoki 66 foizga ko‘paygan.

Top