20:22 / 16.07.2021
6087

Yakkabog‘da 2 yil oldingi “snos” bo‘yicha qarzlarning bir qismi qaytarildi

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Yakkabog‘ tumanida 2019 yilda buzilgan mulklarning to‘lovidan qolib kelayotgan 2,3 mlrd so‘m qarzlarni tarqatdi. Bir necha kun oldin Kun.uz bu tuman hokimining sobiq o‘rinbosari yoqib yuborilgan voqeaga 2 yil to‘lgani, o‘sha holat bo‘yicha kompensatsiya haligacha to‘lanmayotgani haqida yozgandi.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev bugun, 16 iyul kuni Yakkabog‘ tumanida sayyor qabul o‘tkazdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, sayyor qabul boshlanishidan avval viloyat hokimi 2019 yilda Yakkabog‘ tumanida mulklari buzilgan fuqarolarga to‘lanishi lozim bo‘lgan va to‘lanmay qolib ketgan pullarni topshirgan.

Qayd etilishicha, “snos” uchun o‘z pullarini ololmay yurgan fuqarolarga jami 2 milliard 300 million so‘m to‘lab berilgan.

Kun.uz'ga ma'lum bo‘lishicha, tumandagi “snos”lar bo‘yicha aholi va tadbirkorlarga yana 1,6 milliard so‘m to‘lab berilishi kerak. Qolgan qarzdorlik avgust oyida bartaraf etilishi aytilmoqda.

Zoyir Mirzayev / Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Eslatib o‘tamiz, bundan ikki yil oldin – 2019 yil 20 iyul kuni Yakkabog‘ tumanida sodir bo‘lgan voqea butun mamlakatda “snos” masalalari islohotga muhtoj ekanini ko‘rsatgan edi. O‘shanda tuman hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan M.Tuymayev buldozer boshqaruviga o‘zi o‘tirib, tadbirkorning binosini buzib tashlanayotganida, tadbirkor uning ustiga benzin sepib, olov yoqib yuborgandi.

Bir necha kun oldin Kun.uz “Yakkabog‘ “zamhokimi”ga o‘t qo‘yishganiga 2 yil bo‘ldi. O‘shanda buzilgan binolar uchun kompensatsiya hamon to‘liq to‘lanmagan” sarlavhasi ostida tanqidiy maqola e'lon qildi. Maqolada 2019 yilda Yakkabog‘ tumanida amalga oshirilgan “snos” uchun hanuzgacha o‘nlab fuqarolar o‘z pullarini ololmay yurganlari yoritilgandi.

Top