00:02 / 17.07.2021
24318

O‘zbekistonda koronavirus sabab juma namozlari vaqtincha to‘xtatilmoqda

Masjidlardagi boshqa namozlar karantin talablariga qat'iy rioya etgan holda o‘qilishi belgilandi.

Pandemiya yanada avj olishining oldini olish maqsadida juma namozlari vaqtincha o‘qilmaydi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi fatvosi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, boshqa namozlar niqob taqqan va oraliq masofani saqlagan holda, masjidlarning ochiq sahnlarida ado etiladi.

Masjidlarda qo‘l berib yoki quchoqlashib ko‘rishish qat'iyan taqiqlanadi.

Isitma, yo‘tal kabi kasallik alomatlarini o‘zida his qilganlar, keksalar va kichik yoshdagi bolalarga jamoat namozlarida ishtirok etish tavsiya etilmaydi.

Janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida, xonadonlarda o‘qiladi. Marhumlarning haqlariga qilinadigan duoi fotihalarni qat'iy ravishda yurtdoshlarimiz o‘z xonadonlarida, oila davrasida bajarsinlar, fotihagarchiliklarga borishdan hamda o‘tganlarning qabrlarini ziyorat qilishdan saqlanib tursinlar”, – deyiladi fatvo matnida.

Shuningdek, Qurbon hayiti namozi ham o‘qilmaydigan bo‘ldi. O‘rniga uyda Zuho namozi o‘qish tavsiya etildi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish shoxobchalarining 08:00dan 20:00gacha ishlashi tartibi amalda saqlanib qolmoqda.

6 iyuldan boshlab mamlakatda barcha turdagi ommaviy tadbirlar vaqtincha to‘xtatilgan.

1 avgustdan boshlab, to‘y va marosimlarni 50 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazish belgilangan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top