15:00 / 17.07.2021
8148

Sardor Rashidov rasman «Kuvayt SK» futbolchisiga aylandi

«Paxtakor» klubi yarimhimoyachisi Sardor Rashidov yana legionerga aylandi.

O‘zbekiston milliy jamoasiga nomzod hujumkor yarimhimoyachi faoliyatini Kuvaytda davom ettiradi. Rashidovga Kuvaytning bayroqdor jamoasi «Kuvayt SK» taklif bilan chiqqan va muzokaralardan keyin Sardor Rashidov bugun, 17 iyul kuni arab klubi bilan kelishuvga erishgan. Futbolchining otasi Ixtiyor Rashidov bilan bog‘langanimizda, Sardor Rashidovning «Kuvayt SK» bilan bir yillik shartnomaga imzo chekkanini ma'lum qildi.

30 yoshli futbolchining «Paxtakor» bilan amaldagi shartnomasi mavjud bo‘lsa-da, tomonlarning o‘zaro bitimida futbolchiga xorij klubidan taklif tushsa, uni qo‘yib yuborish haqida band borligi sababli Sardor Rashidov O‘zbekiston chempioni safini erkin agent sifatida tark etadi.

Qayd etish joiz, «Kuvayt SK» OFK kubogi joriy mavsumida «C» guruhidan joy olib, guruh bosqichini 1-o‘rinda yakunlab, keyingi bosqichga chiqqan. OFK kubogi g‘olibligini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan kuvaytliklar 1 iyul kuni Angliyaning «Stok Siti» klubidan Jon Obi Mikelni taklif etgan bo‘lishsa, yaqinda «Qatar SK»dan marokashlik futbolchi Mehdi Berrahma ham kuvaytliklar bilan kelishuvga erishgandi. Endi Rashidov «Qatar SK»dagi sobiq jamoadoshi va «Chelsi»ning nigeriyalik sobiq futbolchisi bilan bir klubda to‘p suradi. 

Ma'lumot uchun, Sardor Rashidov bungacha Qatarning «Al Jaish», «Qatar SK», BAAning «Al-Jazira» va Portugaliyaning «Nasional» klublarida faoliyat yuritgandi.

Top