15:23 / 19.07.2021
40154

«Voqeaga O‘zbekiston olimpiya jamoasining aloqasi yo‘q». MOQ Tokioda yuz bergan jinsiy tajovuz holati bo‘yicha bayonot berdi

Ayrim xorijiy nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda Tokioda o‘zbekistonlik yigitning yaponiyalik qizga nisbatan jinsiy tajovuz qilgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bu borada rasmiy bayonot berdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy bayonotiga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan voqelikka O‘zbekiston olimpiya jamoasining hech qanday aloqasi yo‘q.

«Japantimes.co.jp» nashri bergan ma'lumotga ko‘ra, voqea Tokio shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarosi D.R. bilan sodir bo‘lgan. «Kyodo news» esa D.R. va u qizning birgalikda Tokiodagi «Olimpiya» stadionida volontyor bo‘lib ishlagani haqida yozmoqda.

Hozir MOQ tezkor shtabining 5 nafar vakili Tokiodagi olimpiya shaharchasida bo‘lib turibdi. Ularning vazifasi asosiy delegatsiya kelguniga qadar tashkiliy masalalarni hal etib turishdir. Tashkiliy qo‘mitaning talablariga ko‘ra, olimpiya shaharchasidagi shaxslarning hududdan chiqib ketishi mumkin emas va u joy kuchli nazorat ostida.

Shunday ekan, yuqoridagi voqelikka O‘zbekiston olimpiya delegatsiyasining hech qanday aloqasi yo‘q. Shu o‘rinda yurtimizning barcha OAV, bloger va jurnalistlaridan bu kabi asossiz maqolalarga ishonmasliklarini so‘rab qolamiz», deyiladi MOQ bayonotida.

Ta'kidlanishicha, bugun kechga Tokio-2020 XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etuvchi O‘zbekiston delegatsiyasining asosiy qismi charter reys orqali Yaponiyaga jo‘nab ketadi. 

Top