07:55 / 20.07.2021
3705

Kapitoliyga hujum bo‘yicha ilk jazo: 38 yashar amerikalik 8 oyga qamaldi

Floridalik Pol Hojkins AQSh kongressi binosi – Kapitoliyga 2021 yil 6 yanvarda uyushtirilgan hujumda ishtiroki uchun javobgarlikka tortilgan ilk shaxsga aylandi.

Foto: RIA Novosti

38 yashar floridalik 8 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan, deb xabar bermoqda RIA Novosti.

Pol Hojkins rasmiy tadbirga xalal berishda ayblanmoqda. Qamoqdan chiqqandan so‘ng amerikalik erkak yana ikki yil davomida sud nazorati ostida bo‘ladi. Bundan tashqari, u yetkazilgan zararni qoplash uchun ikki ming dollar miqdorida tovon puli to‘laydi.

Sudlanuvchi Senat sud zalida olgan selfilari bilan mashhur bo‘lgan. Prokuratura buni og‘irlashtiruvchi holat sifatida ko‘rib chiqqan.

Prezidentlik saylovlarida mag‘lubiyatga uchragan Donald Tramp saylov natijalarini hech qachon tan olmasligini aytganidan keyin Vashingtonda uning tarafdorlari ishtirokida ko‘p ming kishilik namoyish boshlangandi. Tramp tarafdorlarining bir qismi saylov natijalarini tasdiqlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tayotgan Kapitoliy binosiga bostirib kirgan, kongress bir necha soatga to‘xtatilgandi.

Tartibsizliklar natijasida namoyishchi va politsiyachi o‘ldirildi, yana uch kishi zo‘ravonlik bilan bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra vafot etdi. Huquqni muhofaza qilish idorasi begonalarni binodan olib tashlaganidan so‘ng, kongressmenlar demokrat Jo Baydenning so‘nggi prezidentlik saylovida g‘alabani tasdiqladilar.

Mavzuga oid
Top