14:47 / 21.07.2021
69957

Xalq banki raisi lavozimidan ozod etildi, uning o‘rniga yangi rahbar tayinlandi

Xalq banki boshqaruv raisi Farhod Salomov o‘z lavozimidan ozod etildi va uning o‘rnini prezident maslahatchisi o‘rinbosari Shuhrat Otaboyev egalladi. Bu ma'lumotni bank matbuot kotibi Yunus Bo‘ronov Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Farhod Salomov boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan ishdan ketgani aytilmoqda. U 2019 yil oktyabrida, Xalq banki boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Undan oldin, 2018 yil oktyabridan shu bank raisi o‘rinbosari sifatida ham ishlagan.

Farhod Salomov

Bankning yangi raisi Shuhrat Otaboyev 1978 yilda tug‘ilgan. Dastlab, Toshkent moliya instituti (2000 yil), keyinchalik Yaponiyaning Siyosiy fanlar Milliy instituti (2005 yil) hamda prezident huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini (2010 yil) tamomlagan.

Shuhrat Otaboyev

Mehnat faoliyatini 1995 yil Navoiy viloyatidagi 14-o‘rta maktabda ingliz tili o‘qituvchiligidan boshlagan. 1998 yildan boshlab Toshkent davlat texnika universiteti «Kamolot» jamoat markazida bosh hisobchi bo‘lib faoliyat yuritgan.

2001-2012 yillarda O‘zbekiston Markaziy bankida turli lavozimlarda mehnat qilgan. 2015-2017 yillarda «Xalq banki» AT boshqaruvi raisi o‘rinbosari etib tayinlangan. 2017 yil iyunidan 2018 yil 14 noyabriga qadar Markaziy bank raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

2018 yil 14 noyabrda «Ipoteka bank» ATB raisi lavozimiga tayinlangan.

Shuhrat Otaboyev 2021 yil fevral oyidan buyon O‘zbekiston prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ravshan G‘ulomovning o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi

Mavzuga oid
Top